Farg‘ona viloyati, Dang‘ara tumani 10-maktabning 11-sinf o‘quvchisi Abdusalomova Umidaxon Hasanjon qizi bir nechta fanlardan milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritib, muddatidan avval talaba bo‘lish imkoniyatiga ega bo‘ldi. U o‘zbek tili va adabiyot fanidan A, CEFR B2, tarixdan B+, matematika fanidan esa C darajali natijalarni qayd etgan.
Umidaxon Abdusalomova kelgusida Qo‘qon davlat pedagogika universitetining ingliz tili va adabiyot yo‘nalishida tahsil olishni rejalashtirgan.
Uning aytishicha, sertifikat olish g‘oyasi 10-sinfda paydo bo‘lgan va shu vaqtdan boshlab jiddiy tayyorgarlikni boshlagan.
Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan sertifikatlarga tayyorgarlik jarayoni, qiyinchiliklari va keyingi rejalari haqida suhbatlashdi.
“Tayyorgarlik 10-sinfdan boshlandi”
O‘quvchi asosiy fanlar uchun bir yildan vaqt ajratgan. Tayyorgarlik jarayonida ustozining o‘rni borligini ta’kidlaydi:
“Sertifikatga tayyorgarlik ko‘rish jarayoni 10-sinfligimdan boshlandi. Ingliz tili va ona tilidan bir yil, matematika 2 oy va tarixdan 1 oy. Bunda ustozim Teacher AJ (Abdulaziz) yordam berdi”.
“Train hard, fight easy”
Umida imtihon savollari haqida gapirar ekan, ustozi aytadigan shiorni eslaydi:
“To‘g‘ri imtihon savollari qiyin edi lekin ustozimiz Teacher AJ(Abdulaziz) dars jarayonlarida imtihon darajasidan qiyin manbalar berib shunday derdi: “Train hard, fight easy”. Ya’ni mashqda qanchalik qiyin bo‘lsa, jangda shuncha oson bo‘ladi. Shuning uchun, imtihon savollari menga qiyin tuyulmadi”, – deydi u.
Uning aytishicha, tayyorgarlik vaqtida u o‘z ustimda ko‘proq ishlab, kamchiliklarini tuzatishga harakat qilgan. Dars jarayonida berilgan murakkab materiallar sabab imtihon savollari qiyin tuyulmagan.
“Kunlik 24 soatni reja asosida taqsimladim”
Vaqt taqsimoti masalasida u aniq reja asosida ishlaganini aytadi:
“Kunlik 24 soatlik vaqtni har bir vazifalarim uchun taqsimlab oldim. Asosan, diqqatimni sertifikatga tayyorgarlik uchun qaratdim va maktab darslarida ham faol bo‘ldim”.
U asosiy e’tiborini sertifikatga tayyorgarlikka qaratgan bo‘lsa-da, maktab darslarida ham faol bo‘lishga harakat qilgan.
“Otamning ishonchini oqlashim kerak edi”
“Meni oldindagi imtihonlar kutib turganini eslab uyquni ham yodimdan chiqardim”.
Ba’zida tushkunlikka tushgan damlarida yaqinlarining qo‘llab-quvvatlovi unga kuch bergan:
“Har bir imtihonda juda hayajonlanardim, qo‘rqardim. Lekin ota-onam va o‘qituvchilarim meni doim qo‘llab-quvvatlashdi. Ayniqsa, men uchun sovuqni sovuq demay, meni ta’limimga investitsiya kiritayotgan otamni ishonchini oqlashim kerak deb harakat qilardim”, – eslaydi u.
“Elimination usuli juda foydali bo‘ldi”
O‘quvchi testda xato qilmaslik uchun ustozi o‘rgatgan metoddan foydalangan:
“Testda xatoga yo‘l qo‘ymaslik uchun men ustozim Teacher AJ o‘rgatgan “elimination” usuldan foydalanardim. Ya’ni, men birinchi xato javoblarni topib ulardan qutulaman keyin esa o‘zi bitta to‘g‘ri javob qoladi. Lekin, buni o‘zi yetarli emas. Asosiysi, o‘sha fandan kerakli bilimga ega bo‘lish”, – ta’kidlaydi Umida.
“Yaxshi ustoz — muvaffaqiyat kaliti”
Uning aytishicha, tayyorgarlik davomida telefondan foydalanish borasida ustozi o‘quvchilarni qat’iy nazorat qilgan.
“Men tayyorgarlik davomida telefondan o‘qituvchim nazorati ostida foydalandim. O‘qituvchimiz bizni qattiq nazorat qilardi. Rostdan, ham agar erkin qo‘yilsa telefon bizni judayam chalg‘itardi”, – deydi u.
Ayni paytda Umida ingliz tilini yanada chuqurroq o‘rganib, IELTS olishga harakat qilmoqchi.
Umidaxonni o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!
Avvalroq, Jizzaxda 11-sinf o‘quvchisi bir nechta fandan milliy sertifikat olib, muddatidan oldin talaba bo‘lish imkoniga ega bo‘lgani hamda Namanganlik o‘quvchi 5 ta fandan milliy sertifikat olgani haqida xabar bergan edik.
Shuningdek, filologiya yo‘nalishida o‘qishni maqsad qilgan Parkentlik 11-sinf o‘quvchisi Ismog‘ilova Durdona Ismoil qizi ham muddatidan avval 189 ball to‘plagani haqida ma’lum qilingandi.
