Ijtimoiy tarmoqlarda Yangihayot tumanida joylashgan 3-sonli umumta’lim maktabida elektr energiyasi ta’minotida uzilishlar kuzatilayotgani haqida tarqalgan murojaat yuzasidan «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ mutasaddilari bayonot berdi.
Unga ko’ra, mas’ullar tomonidan ushbu muammo yuzasidan o‘rganish oʻtkazilgan.
O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, Yangihayot tumani hududidagi barcha umumta’lim muassasalariga «Toshkent shahar elektr tarmoqlari» MCHJ tomonidan elektr energiyasi belgilangan tartibda va uzluksiz yetkazib berib kelinayotgani aniqlangan.
Xususan, joriy yilning 17-aprel kuni 3-sonli umumta’lim maktabida elektr energiyasi ta’minotining vaqtincha to‘xtatilishi «Energosavdo» filiali Yangihayot tuman bo‘limi ma’lumotlariga ko‘ra, iste’molchi tomonidan 308 million so‘m miqdorida qarzdorlik mavjudligi bilan bog‘liq.
