Matematika, kimyo va geografiya milliy sertifikat natijalarini eʼlon qilish bugundan boshlanadi. Bu haqda Bilimni baholash agentligining Sertifikatlash va baholash jarayonlarini muvofiqlashtirish departamenti rahbari Javlonbek Nurmatov maʼlum qildi.
Xabaringiz bor, matematika, kimyo va geografiya fanlaridan milliy sertifikat imtihonlari 2026-yil 21-22-fevral (shanba, yakshanba), 28-fevral, 1-2-mart (shanba, yakshanba, dushanba) va 7-mart (shanba) kunlari oʻtkazilgan edi.
Amaldagi tartibga muvofiq milliy yoki chet tili imtihon natijalari imtihon yakunlangan kundan boshlab 21 ish kuni ichida eʼlon qilinishi belgilangan.
Bilim va malakalarni baholash agentligi masʼulining qayd etishicha, matematika kimyo va geografiya milliy sertifikat natijalari deyarli tayyor boʻlib, rasmiylashtirish ishlari bugun bir necha soatlar ichida yakunlanadi.
“Natijalarni yuklash bugundan boshlanadi, talabgorlar sonining koʻpligi sababli jarayon ertaga kun davomida ham bosqichma-bosqich davom etadi” — deydi u oʻz sahifasida.
Eslatib oʻtamiz, talabgorlar oʻz natijalarini my.gov.uz saytidagi oʻz shaxsiy kabinetlari orqali yuklab olishlari mumkin.
Avvalroq Navroʻz va hayit bayramlari sabab milliy sertifikat javoblari kechikishi mumkinligi haqida xabar bergan edik.
