Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan maktab direktori o‘z lavozimini tark etdi

Farg‘onada IIB xodimlari tomonidan tahqirlangan maktab direktori o‘z lavozimini tark etdi

Farg‘ona viloyati Furqat tumanidagi 29-maktab direktori Gulira’no Qosimova lavozimini tark etdi. Bu haqda jurnalist Ilyos Safarov o‘z telegram sahifasida ma’lum qildi.

 

Ma’lum qilinishicha, Gulira’no Qosimova 17-mart sanasidan rasman ishdan bo‘shagan. 24-mart kuni esa jamoa bilan xayrlashgan. Qaror “tomonlarning o‘zaro kelishuvi asosida” qabul qilingan.

 

Jurnalistning yozishicha, sobiq maktab direktori unga minnatdorchilik bildirgan.

 

“Gulira’no Qosimova menga bergan izohida faoliyati davomida o‘ziga bildirilgan ishonch va qo‘llab-quvvatlov uchun minnatdorchilik izhor etdi”, – deb yozadi Ilyos Safarov.

 

Qayd etilishicha, Gulira’no Qosimova bundan keyin ham faoliyatini ta’lim sohasida davom ettirishi, ammo yangi ish joyi hozircha ma’lum emasligini ta’kidlagan:

 

“Bu vaqt davomida millionlab vatandoshlar mehrini, adolat va ayollar himoyasi yo‘lidagi jonkuyarligini har kuni his qilib turdim. Boringizga shukr, aziz insonlar”, — degan u.

 

Eslatib o‘tamiz, Gulira’no Qosimova 2025-yil aprelda soliq inspeksiyasi boshlig‘idan YTHga uchragan turmush o‘rtog‘ini davolatish uchun qarz so‘rashga borganini aytgan. Shu payt fuqarolik kiyimidagi xodimlar paydo bo‘lib, ularning kiyimlarini yirtib, urib-do‘pposlashganini Kun.uz`ga ma’lum qilgan. Mazkur holat jamoatchilik noroziligiga sabab bo‘lgan. Natijada, jinoyat ishlari bo‘yicha Quva tumani sudida 2025-yil 28-noyabr kuni Furqat tumani IIB sobiq boshlig‘i Akmal Xo‘jayev va uning birinchi o‘rinbosari Jasur Rasulov 4 yilga qamalib, 3 yilga ichki ishlar organlarida ishlash huquqidan ham mahrum qilingandi.