11 yoshli maktab o‘quvchisi Yasmina Husniddinova Buyuk Britaniyaning mashhur “Britain’s Got Talent” teleloyihasida chiqish qilib, ilk o‘zbekistonlik ishtirokchiga aylandi. Bu haqda O‘zbekistonning Londondagi elchixonasi ma’lum qildi. U sahnada “Never Enough” qo‘shig‘ini ijro etib, hakamlar va tomoshabinlar e’tiborini tortdi.
Yasmina Husniddinova 2013-yil 20-noyabrda tug‘ilgan. Hozirda Toshkent shahridagi T. Sadykov nomidagi 1-son bolalar musiqa va san’at maktabining estrada vokal yo‘nalishida tahsil oladi. Vokal bilan 6 yoshidan shug‘ullanib kelmoqda.
U turli respublika va xalqaro tanlovlarda muvaffaqiyatli ishtirok etgan. Jumladan, “Yoshlar ovozi” respublika tanlovi g‘olibi, Italiya va Belarusiyadagi xalqaro ko‘rik-tanlovlarda ikki karra Gran-pri sohibasi, “МИРОВОЕ МОЛОДЁЖНОЕ ИСКУССТВО” (Xalqaro tanlov), “МУЗЫКА ЖИЗНИ” (International Multigenre Competition), “ОДАРЁННЫЕ ДЕТИ” marafoni, “TASHKENT GRAND FESTIVAL” (International Competition-Festival), “БАКЫТТЫ БАЛАМЫЗ”, shuningdek, “YOSH ISTE’DODLAR” tanlovlari ishtirokchisi.
Yasmina Belarusiyada o‘tkazilgan “Славянский базар в Витебске!” xalqaro san’at festivalining bolalar yo‘nalishida ham Gran-pri sohibasi bo‘lgan. Mukofot unga Belarus prezidenti Alexander Lukashenko tomonidan topshirilgan.
“Britain’s Got Talent”dagi chiqishi uning xalqaro sahnadagi navbatdagi muvaffaqiyatlaridan biri bo‘ldi.
Avvalroq o‘zbekistonlik o‘quvchilar Kavkaz matematika olimpiadasida 7 ta medalni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.
