Atigi 1,5 yilda B2 natija: yana bir 6-sinf o‘quvchisi CEFR B2 sertifikatiga ega bo‘ldi

Atigi 1,5 yilda B2 natija: yana bir 6-sinf o‘quvchisi CEFR B2 sertifikatiga ega bo‘ldi

Surxondaryo viloyati Sariosiyo tumani 1-maktabning 6-sinf o‘quvchisi Shukrona Ulmasova ingliz tilidan CEFR B2 darajasini qo‘lga kiritib, tengdoshlariga katta motivatsiya bo‘ladigan natijani qayd etdi. Yoshiga nisbatan yuqori bo‘lgan bu natija ortida qat’iyat, to‘g‘ri metodika va doimiy mehnat mujassam.

 

Talimxabarlari.uz sayti muxbiri mazkur o‘quvchi bilan ingliz tilini o‘rganish jarayoni, qiyinchiliklar va muvaffaqiyat siri haqida suhbatlashdi.

 

Qisqa muddat — katta natija

 

Shukrona ingliz tilini bir yarim yil avval o‘rganishni boshlagan. Uning dastlabki maqsadi oddiy — xorijliklar bilan muloqot qilish va filmlarni tushunish edi. Biroq vaqt o‘tishi bilan bu qiziqish jiddiy maqsadga aylandi.

 

“Asosan, chet elliklar bilan gaplasha olish va filmlarni tushunish uchun o‘rganishni xohladim. Ota-onam va ustozim ham meni qo‘llab-quvvatlashdi.

 

Avvaliga tayyorgarlik qiyin bo‘ldi, ayniqsa listening va speaking. O‘z ustimda ishlash uchun ustozim bilan ko‘p mashq qilganmiz”.

 

Uning aytishicha, tayyorgarlik jarayonida “reading” nisbatan oson kechgan bo‘lsa, “writing” ko‘proq mehnat talab qilgan.

 

“Uyatchanlikdan — erkin gapirishgacha”

 

Boshlanishida aynan “speaking” ko‘nikmasi Shukrona uchun qiyin bo‘lgan. Uyalish va ishonchsizlik bu jarayonda to‘siq bo‘lgan. Ammo muntazam mashq va ustoz bilan doimiy suhbatlar bu muammoni bosqichma-bosqich bartaraf etgan.

 

“To‘g‘risi, menga “speaking” yoqadi, chunki gapirishni yaxshi ko‘raman. Lekin boshida uyalganim uchun qiyin bo‘lgan. Shu sababdan, har kuni mashq qilib, ustozim bilan gaplashib yaxshiladim. Natijada, asta-sekin o‘zimga ishonchim oshdi”, — deydi o‘quvchi.

 

Vaqtni to‘g‘ri boshqarish — muvaffaqiyat kaliti

 

Sertifikat sohibasining aytishicha, u kuniga o‘rtacha 1–2 soat vaqtini ingliz tiliga ajratgan, imtihon yaqinlashganda esa bu vaqtni yana ko‘paytirgan. Maktab darslari bilan tayyorgarlikni birgalikda olib borish oson bo‘lmagan, ammo to‘g‘ri rejalashtirish orqali u bunga erisha olgan.

 

“Kuniga taxminan 1–2 soat o‘qirdim. Imtihon yaqinlashganda ko‘proq vaqt ajratdim. Ba’zida maktab darslari bilan tayyorgarlikni birgalikda olib borish qiyin bo‘ldi, Vaqtimni qanday taqsimlashni ustozim o‘rgatgan”.

 

Qo‘llab-quvvatlash — eng katta kuch

 

Ko‘plab o‘quvchilarda bunday natijaga erishishda tashqi bosim yoki qarshilik bo‘lishi mumkin. Ammo Shukrona aksincha, ota-onasi va ustozining doimiy qo‘llab-quvvatlashini his qilgan.

 

“Biroz hayajon bo‘ldi, lekin o‘zimni tinchlantirishga harakat qildim. Ota-onam meni qo‘llab-quvvatlab, motivatsiya berishdi. Bu esa menga yanada ko‘proq harakat qilishimga sabab bo‘ldi”, — deydi u.

 

“O‘zim bilan faxrlandim..”

 

Multilevel imtihonidan B2 sertifikatini qo‘lga kiritganini bilgan paytdagi hissiyotlarini u quyidagicha eslaydi:

 

“Juda xursand bo‘ldim. O‘zim bilan faxrlandim, chunki ko‘p mehnat qilgan edim.”

 

Shukrona bu bilan to‘xtab qolmay, yanada yuqori marralarni ko‘zlamoqda. Oldidagi asosiy maqsad — C1 darajaga chiqish va kelajakda nufuzli universitetga kirish.

 

“Agar men qila olgan bo‘lsam, boshqalar ham qila oladi. Faqat harakat qilish kerak”, — deya ta’kidlaydi u.

 

O‘qituvchi nigohida: “Natija — tizimli mehnat mahsuli”

 

Shukronaning Buxoro Ziyosi o‘quv markazidagi ustozi Nusratilla Khidoyatovning ta’kidlashicha, bu yutuq tasodifiy emas. O‘quvchi bilan ishlash taxminan bir yarim yil oldin boshlanib, u dastlab A1 darajasida bo‘lgan.

 

“Bu o‘quvchi bilan taxminan bir yarim yil oldin ishlashni boshlaganman. Dastlab uning darajasi A1 atrofida edi. Biz bilan muntazam shug‘ullanishi, topshiriqlarni o‘z vaqtida bajarishi va doimiy amaliyot natijasida bosqichma-bosqich B2 darajaga yetdi”, — deydi ustozi.

 

Dars jarayonida kommunikativ metod, speaking mashqlari va real test materiallaridan foydalanilgan. Eng muhim omillardan biri esa individual yondashuv bo‘lgan.

 

Ustozning fikricha, yosh o‘quvchilarni yuqori darajaga olib chiqish oson emas, ammo bu qilish mumkin:

 

“Yosh o‘quvchilar bilan ishlashda sabr, to‘g‘ri metodika va doimiy motivatsiya bo‘lsa, hatto boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham yuqori natijalarga erisha oladi. Eng asosiysi — ularni qiziqtira olish va darsni zerikarli qilmaslik”.

 

“O‘quvchilarimni rag‘batlantirib turaman..”

 

O‘qituvchining aytishicha, Shukronaning eng kuchli tomoni — intizomi va harakat qilishida bo‘lgan. Hattoki, boshida “speaking” masalasida qiynalgan bo‘lsa ham harakati hisobiga ancha yaxshilangan.

 

“O‘quvchilarimni rag‘batlantirish, kichik yutuqlarni ham e’tirof etish va doimiy qo‘llab-quvvatlash orqali motivatsiyani saqlab turishga harakat qilaman”.

 

“.. ikki yil oldin 4-sinf o‘quvchim sertifikat olgan edi”

 

So‘nggi paytlarda til bilish sertifikatini olayotganlar ichida boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham chiqmoqda. Bu qanchalik haqiqatga yaqinligi borasida markaz o‘qituvchisi fikrini so‘radik.

 

– Sizningcha, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari ham til sertifikati olishlari mumkinmi? Faoliyatingiz davomida uchratganmisiz?

 

“Ha, albatta. Hozirgi kunda bu juda real holatga aylanmoqda. Agar to‘g‘ri metodika, yaxshi ustoz va kuchli motivatsiya bo‘lsa, yosh o‘quvchilar ham B2 darajaga chiqishi mumkin. Amaliyotimda ham bunaqasi uchragan. Masalan, ikki yil oldin 4-sinf o‘quvchim sertifikat olgan edi.

 

Fikrimcha, har bir o‘quvchida imkoniyat bor, faqat to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatish va mehnat qilish kerak”.

 

Shuningdek, u o‘quvchilarning muvaffaqiyatida ota-onaning roli juda katta ekanini ta’kidlaydi.

 

Shukronani o‘qishlariga muvaffaqiyat tilab qolamiz!

 

Avvalroq, Buxoroda bir maktabning 2- va 4-sinf o‘quvchilari B2 darajadagi sertifikatni qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edik.