Maʼlumotlar muhandisligi va sunʼiy intellekt boʻyicha Yevropada oʻqish uchun grant dasturi — DEAI (Data Engineering and Artificial Intelligence) taqdim etiladi.
Ushbu dastur yuqori darajadagi, integratsiyalashgan xalqaro taʼlim dastur hisoblangan Erasmus Mundus Joint Master Programme dasturi boʻlib, bir nechta oliy taʼlim muassasalari tomonidan amalga oshiriladi. Dastur butun dunyo boʻylab eng yaxshi magistratura talabalariga toʻliq grant taqdim etishga qaratilgan.
Grant dasturi quyidagi universitetlar tomonidan amalga oshiriladi:
– Universit´e Libre de Bruxelles (ULB), Belgiya;
– Universitat Politècnica de Catalunya (UPC), Ispaniya;
– Technische Universität Wien (TUW), Avstriya;
– Università degli Studi di Padova (UniPD), Italiya;
– Université Claude Bernard Lyon 1 (UCBL), Fransiya.
Dastur magistratura bosqichi uchun 2 yillik oʻquv yilini (2026-2028-yillar) oʻz ichiga oladi va toʻliq ingliz tilida olib boriladi.
Dastur haqida batafsil ushbu havola orqali maʼlumot olish mumkin.
Maqbullik shartlari
Barcha davlat fuqarolari qatnashishi mumkin;
Akkreditatsiyadan oʻtgan universitetdan bakalavr darajasiga ega boʻlish kerak (yaʼni 180 ECTS ga teng);
Universitet World Higher Education Database (WHED) roʻyxatida boʻlishi yoki quyidagi universitet reytinglaridan biriga kiritilgan boʻlishi lozim:
– Academic Ranking of World Universities (ARWU);
Ingliz tilini CEFR boʻyicha B2 yoki unga teng darajada bilish lozim:
– Cambridge General English FCE;
– IELTS (Academic) — 5,5;
– TOEFL (qogʻoz shakli) — 570;
– TOEFL (kompyuter shakli) — 230;
– TOEFL (internet orqali) — 72.
Bakalavriat bosqichida asosiy mutaxassisligi kompyuter fanlari boʻlganlarga ustunlik beriladi;
Dastur kompyuter fanlariga kuchli yoʻnaltirilgan va quyidagi boshlangʻich bilimlarga ega boʻlish talab etiladi:
– Relyatsion maʼlumotlar bazalari boʻyicha kurs: SQL, relyatsion algebra va maʼlumotlar bazasini optimallashtirish;
– Algoritmlar va maʼlumotlar tuzilmalari boʻyicha kurs;
– Ehtimollar nazariyasi va statistika;
– Modellashtirish tillari (masalan, UML va ER diagrammalar) bilan ishlash tajribasi;
– Grafiklar nazariyasi;
– Toʻplamlar nazariyasi va mantiq;
– Dasturlash koʻnikmalari.
Saralash mezonlari:
Bakalavriat dasturida oʻqilgan Kompyuter fanlari tegishli kredit foiziga toʻgʻri kelishi kerak;
Yuqori akademik natijalarga ega boʻlish lozim;
Boshqa taʼlimda Kompyuter fanlari boʻyicha olingan kreditlar miqdori hisobga olinadi;
IT yoki BI (Business Intelligence) sohasida egallagan kasbiy tajriba yaʼni har bir ish yili uchun ball beriladi (egallangan lavozimga bogʻliq holda);
Motivatsion xat va tavsiyanomaning talablarga mos ravishda yozilganligi.
Eslatma: Tanlov komissiyasi barcha arizalarni sinchkovlik bilan koʻrib chiqadi va har bir mezon boʻyicha nomzodlarga ball ajratadi. Shundan soʻng arizalar umumiy toʻplangan ball asosida reyting qilinadi. Ushbu reyting asosida tanlangan nomzodlar roʻyxati tuziladi.
Bakalavr darajasi boʻyicha Expected profiles and Pre-requisites hamda FAQ boʻlimlaridan maʼlumot olish mumkin.
Dastur haqida batafsil maʼlumot olish uchun ariza topshirish qoʻllanmasi (application manual) bilan tanishish lozim.
Foydali tomonlari
Oʻqish toʻlovlari uchun yiliga Yevropalik talabalar uchun 4,500 yevro, boshqa davlat talabalari uchun 9,000 yevro miqdorida grant ajratiladi;
Oylik stipendiya beriladi;
Ishtirok xarajatlari (shu jumladan sugʻurta xarajatlari), safar va joylashish xarajatlari qoplanadi;
Har bir oʻquv joyida turar joy topishga yordam beriladi.
Qoʻshimcha ma’lumotlar
Grant dasturga hujjat topshirish uchun oxirgi muddat: 13-yanvar, 2026-yil (17:00);
Oʻz-oʻzini moliyalashtirishga ariza topshirish uchun oxirgi muddat: 1-mart, 2026-yil (05:00);
Email: deai_admissions@cs.ulb.ac.be;
Takroran soʻraladigan savollarga javob bu yerda.
