Javob: Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017-yil 15-martdagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan “Umumiy oʻrta taʼlim toʻgʻrisida”gi nizomning 29-bandiga asosan malakali oʻqituvchilar yetarli boʻlgan quyidagi hollarda, yaʼni sinfdagi oʻquvchilar soni 25 nafar va undan ziyod boʻlganda Chet tili, ixtisoslashgan fanlar, Texnologiya, Informatika va axborot texnologiyalari, Oʻzbek tili, Rus tili, Jismoniy tarbiya fanlari ikki guruhga boʻlib oʻqitishga ruxsat etilgan.
Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2005-yil 21-dekabrdagi 275-son qarori bilan tasdiqlangan “Xalq taʼlimi xodimlari mehnatiga haq toʻlash toʻgʻrisida nizom”ning 22-bandiga koʻra, boʻlib oʻqitiladigan fanlar boʻyicha guruhlardan birining oʻqituvchisi turli sabablarga koʻra darsda boʻlmagan holatlarda guruhlar qoʻshib oʻqitiladi hamda qoʻshib oʻqitganligi uchun qoʻshimcha haq toʻlovlarini amalga oshirish nazarda tutilmagan.
Shunga koʻra, sinfdagi oʻquvchilarni ikki guruhga boʻlib oʻqitish uchun oʻqituvchilar soni yetarli boʻlmasa, boshqa oʻqituvchi ishga qabul qilingunga qadar ushbu fanlar maktabdagi mavjud oʻqituvchi tomonidan sinflarni birlashtirgan holda oʻqitiladi hamda ikki guruhga boʻlmasdan oʻqitayotgan oʻqituvchi uchun qoʻshimcha haq toʻlashga ruxsat etilmaydi.
Umumtaʼlim muassasasida boʻlib oʻqitiladigan fanlar boʻyicha guruhlardan birining oʻqituvchisi turli sabablarga koʻra darsda boʻlmagan holatlarda maktabda boshqa malakali oʻqituvchi mavjud boʻlsa, ikki guruhga boʻlib oʻqitishga ruxsat etiladi va tegishli toʻlovlar amalga oshiriladi.
