Bundan bir necha kun avval kimyo fani o‘qituvchilari milliy sertifikat sinovlari bo‘yicha norozilik bildirgani haqida xabar bergan edik. Unga ko’ra, 2025-yil 4-oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan kimyo fanidan milliy sertifikat imtihoni natijalari e’lon qilingach, natijalar Respublika bo‘ylab faoliyat yurituvchi ko‘plab kimyo o‘qituvchilari va repetitorlar orasida keskin xavotir uyg‘otgan va ular milliy sertifikat imtihoni bo‘yicha adolatli tekshiruv o‘tkazilishini so‘rab Bilim va malakalarni baholash agentligiga murojaat qilishgan.
Kecha ushbu mavzu yuzasidan Bilim va malakalarni baholash agentligida o’qituvchilar va mutasaddilar o’rtasida uchrashuv bo’lib o’tdi. Uchrashuvda agentlik taklifiga ko’ra, Talimxabarlari.uz sayti jurnalisti ham qatnashdi.
Agentlik mas’ullari va o’qituvchilar o’rtasida tizim faoliyati, baholash metodlari, Rash modeli va boshqa jihatlar muhokama qilinib, mas’ullar tomonidan tushuncha berildi.
Ma’lumotlarga ko’ra kimyo fanidan milliy sertifikat sinovlarida respublika bo‘yicha 13460 nafar talabgor ishtirok etgan. Ushbu ishtirokchilardan 220 nafari testdan 75% dan yuqori ball olgan, hamda mana shu 220 nafar ishtirokchining 14 nafari yozma ishdan 50% dan kam ball to‘plagan.
Mas’ullar bunday farq tabiiy hol bo‘lib, har yili ayrim ishtirokchilarda shunga o‘xshash vaziyat kuzatilishini ta’kidlashdi. Ularga ko’ra, bu statistika testlar ommaviy tarqalmaganini tasdiqlaydi. Chunki testlar tarqalib ketgan taqdirda, yuqori natija olgan ishtirokchilar soni quyidagidan ancha ko’p bo’lar edi.
Test jarayonlarida zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga urinish holatlari ham koʻp uchrab turibdi. Maʼlum qilinishicha aynan kimyo fanidan milliy sertifikat imtihonida ham 59 nafar ishtirokchi shunday vositalar bilan qoʻlga tushib testdan chetlatilgan. Ishtirokchilar tomonidan test tarqatishga urinish holatlari, tizimda xatolarni keltirib chiqarishi taʼkidlandi.
Agentlik shu kabi va boshqa muammoli vaziyatlarning oldini olish yo’llari ustidan ishlayotgani, baholash usullari takomillashtirish bosqichida ekanligini ma’lum qildi. Shuningdek, yaqin orada yozma sinovlar bo’yicha ham diagnostika jarayonlari tashkil qilinishi kutilmoqda ekan.
Talimxabarlari.uz jamoasi ochiqlik, shaffoflik va ommaviy axborot vositalari bilan yuqori darajadagi hamkorlik uchun Bilim va malakalarni baholash agentligiga minnatdorlik bildiradi.
Mavzu yuzasidan savol va takliflaringiz bo’lsa @talimxabarlariga_bot orqali yuboring.
