Prezidentning «Tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini qo‘llab-quvvatlash choralari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Unga ko’ra:
—2026-yildan boshlab davlat tibbiyot muassasalari xodimlari Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan har yili mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorida rag‘batlantiriladi;
—2026-yil 1-apreldan boshlab davlat tibbiyot muassasalarining ish vaqti rejimi besh kunlik ish haftasiga o‘tkaziladi. Bunda tibbiyot muassasalari ish faoliyatining uzluksizligini ta’minlash uchun bayram va dam olish kunlari navbatchilik asosida ishlash yo‘lga qo‘yiladi.
—Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining farzandlariga respublika hududidagi oliy ta’lim tashkilotlarida bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha yillik kontrakt summasining 30 foizi miqdoridagi, biroq bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan oshmaydigan (bugungi kunda 6 mln 180 ming so‘m) qismi qoplab beriladi. Ushbu yangilik 2026-yil 1-yanvardan boshlab Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga kiritiladi.
—Har yili davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan 500 nafar tibbiyot va farmatsevtika xodimlarini uy-joy bilan ta’minlash uchun ipoteka krediti asosida sotib olinadigan uy-joyning dastlabki badal to‘lovining 25 foizi qoplab beriladi. Ushbu yangilik 2026-yil 1-yanvardan boshlab Tibbiyot muassasalarining moddiy rag‘batlantirish va rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan amalga kiritiladi.
2026-yil 1-yanvardan boshlab ularga quyidagi qo‘shimcha imtiyozlar beriladi:
— davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga bir yilda bir marotaba bepul yuqori texnologik ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatiladi;
— davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ish stajiga ega bo‘lgan xodimlarga bir yilda bir marotaba respublika hududidagi sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi;
— barcha turdagi davlat xizmatlari uchun to‘lovlar miqdori ikki barobar kamaytiriladi.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan tibbiyot va farmatsevtika xodimlarining xalqaro ilmiy-texnik ma’lumotlar bazasida indekslanuvchi va yuqori impakt-faktorli jurnallarda maqolalarni chop etish bilan bog‘liq xarajatlari to‘liq qoplab beriladi.
