Mehnat huquqi bo‘yicha ekspert Muhammadamin Karimjonovning ma’lum qilishicha, advokatlik byurosiga Qarshi shahridagi maktabdan murojaat kelib tushgan.
Unda aytilishicha, homilador ayolga shtatlar qisqarishi munosabati bilan ogohlantirish xati berilgan. Bu holat 2025-yil 1-oktyabrdan maktab maslahatchisi lavozimining joriy etilishi munosabati bilan, direktor o‘rinbosarlarining shtati maqbullashtirilishi ortidan sodir bo‘lgan.
Ekspertning ta’kidlashicha, ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganini bila turib, ishdan bo‘shatish qonunchilikka zid.
Sababi, Mehnat Kodeksining 163-modda 1-qism 6-bandiga ko‘ra homilador ayollar (ushbu Kodeks 408-moddasi) va uch yoshgacha bolasi bo‘lgan xodimlar (ushbu Kodeks 409-moddasi) uchun kafolatlar berishni nazarda tutadigan talablarga rioya qilmasdan ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilish taqiqlanadi.
Mehnat Kodeksining 408-moddasiga ko‘ra, homilador ayollar bilan tuzilgan mehnat shartnomasini ish beruvchining tashabbusiga ko‘ra bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi, bundan tashkilot (uning alohida bo‘linmasi) tugatilgan yoki yakka tartibdagi tadbirkorning ish faoliyati tugatilgan hollar mustasno.
Shuningdek, Jinoyat kodeksining 148-moddasiga muvofiq ayolni homiladorligi yoki shaxsni yosh bolani parvarish qilayotganini bila turib, ishdan bo‘shatish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.
Biroz vaqt o’tib, mutaxassisning yozishicha, bu masala ijobiy hal bo’lgan. Xodimga berilgan ogohlantirish xati qaytarib olingan.
