Shveysariyada musodara qilingan Gulnora Karimovaning mablag‘laridan 20 million dollar O‘zbekistonda ta’lim imkoniyatlarini yaxshilashga yo‘naltiriladi. 17-sentabr kuni “Ishonch” jamg‘armasi ushbu mablag‘ “Maktablarda iqlim o‘zgarishiga chidamlilik hamda suv ta’minoti, sanitariya va gigiyenani (SSG) modellashtirish” loyihasiga sarflanishini e’lon qildi. Loyiha 2025-yil 1-oktabrdan ish boshlaydi.
Dastur doirasida 45 ta qishloq maktabi yangilanib, xavfsiz ichimlik suvi, zamonaviy sanitariya tizimlari, ishonchli isitish vositalari va ekologik toza energiya bilan ta’minlanadi. Shu orqali energiya sarfi 30 foizga, atmosferaga chiqariladigan zararli gazlar esa 50 foizga kamayishi kutilmoqda.
Natijada 31,5 ming o‘quvchi, xususan, o‘smir qizlar uchun dars o‘qish sharoitlari sezilarli darajada yaxshilanadi. Gender tengligi inobatga olingan qulayliklar tufayli o‘quvchilarning sababsiz dars qoldirish holatlari kamayadi. Bundan tashqari, loyiha yakunida 2700 nafar pedagog va maktab xodimi iqlim o‘zgarishiga moslashuv, SSG bo‘yicha gender yondashuvi hamda jamoatchilikni jalb qilish masalalarida malaka oshiradi.
Shveysariya elchisi Konstantin Obolenskiy fikricha:
“Shveysariya ushbu restitutsiya mablag‘lari O‘zbekiston xalqiga bevosita foyda keltiradigan, korrupsiyadam xoli, sezilarli investitsiyalarga aylantirilayotganidan faxrlanadi. Ushbu loyiha orqali biz 31 500 bolaga yanada sog‘lom, xavfsiz va munosib muhitda ta’lim olish imkoniyatini yaratmoqdamiz — bu rivojlanishga xizmat qiluvchi restitutsiyaning haqiqiy timsolidir”.
Loyihani shaffof amalga oshirish maqsadida “Eng yaxshi maktabim” portali ishga tushiriladi. Bu platforma orqali jamoatchilik budjet, pudratchilar, qurilish jarayonlari va muddatlarini real vaqt rejimida kuzatib borishi mumkin bo‘ladi. Shuningdek, xaridlar va ta’mirlash ishlari “Halollik pakti” mexanizmi asosida fuqarolik jamiyati va ota-onalar ishtirokida, adolatli va ochiq tarzda olib boriladi.
Ma’lumot uchun, 2024-yil aprel oyida Gulnora Karimovaning Shveysariyada musodara qilingan 67 million dollari O‘zbekistonga qaytarilgan bo‘lib, bu jarayonni nazorat qilish uchun BMT homiyligida “Ishonch” jamg‘armasi tashkil etilgan.
