Xorijiy til o‘qituvchilari maktabga bormayapti. Sabab maosh kamligi (mi)? - Ta’lim xabarlari
Xorijiy til o‘qituvchilari maktabga bormayapti. Sabab maosh kamligi (mi)?

Joriy yilning 8-may kuni Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligida oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini shakllantirish tizimini takomillashtirishga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.

 

Anjumanda xorijiy til bo‘yicha oliygohni tamomlagan bitiruvchilardan diplomi bo‘lishiga qaramay til sertifikati talab qilinayotgani, til sertifikatiga ega bo‘lmagan bitiruvchilar ishga qabul qilinmayotgani haqidagi savolga vazirlik departament boshlig‘i Abduvali Xoliqov quyidagicha javob berdi.

 

“Xorijiy til o‘qituvchilaridan C1 darajali til sertifikati talab qilish Oliy ta’lim muassasalarida ham bor, maktablarda ham bor. Yaxshi xorijiy til o‘qituvchilari maktabga ishga bormayapti oyligi kamligidan, ochig‘ini aytadigan bo‘lsak. Demak, maktab ishga olmasa undan yaxshi joyga ishga borishi kerak. Albatta, ish beruvchining talabi ham inobatga olinishi kerak. Diplom bor, diplom o‘tadi. Diplom tan olinmaydi, degani emas, noto‘g‘ri talqin qilinmasin. Sertifikat talab qilyapti, sertifikati bo‘lsin o‘qituvchining, degan ma’noda. Faqat, ish beruvchi talab qilayotgan bo‘lsa, sertifikat olish kerak. Xorijiy til o‘qituvchisi xorijiy tilni hammadan yaxshi bilishi kerak”, – deydi Xoliqov.

 

Ta’kidlash lozim, Prezident farmoni (11.05.2022-yildagi PF-134-son) ga ko‘ra, chet tilidan milliy sertifikatga ega o‘qituvchilarning maoshiga 50 foiz qo‘shimcha ustama to‘lab beriladi. Shuningdek, umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega o‘qituvchilar yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha pul oladi.

 

Shuningdek, 2022-yil 1-sentabrdan maktablarda umumta’lim fanlari bo‘yicha tegishli darajadagi sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama quyidagi tartibda to‘lanadi:

 

        • xalqaro tan olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
        • xalqaro standartlar talablariga javob beradigan milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga -ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
        • Davlat test markazining milliy baholash tizimida olingan sertifikatga ega pedagog kadrlarga — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida (chet tili bo‘yicha sertifikatlar bundan mustasno);

 

Davlat test markazining milliy baholash tizimida chet tili bo‘yicha olingan sertifikatga ega bo‘lgan pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama:

      • 2025 yil 1 yanvargacha — ularning tarif stavkasiga nisbatan 50 foiz miqdorida;
      • 2025 yil 1 yanvardan — ularning tarif stavkasiga nisbatan 20 foiz miqdorida to‘lanadi.

Har oylik qo‘shimcha ustama sertifikat amal qilish muddati davomida, lekin uch yildan ko‘p bo‘lmagan vaqt mobaynida to‘lanadi.

 

Umumta’lim fanlari bo‘yicha bir nechta sertifikatga ega pedagog kadrlarga har oylik qo‘shimcha ustama yuqoriroq ustama olish huquqini beruvchi sertifikat bo‘yicha to‘lanadi.

 

2022-yil 1-dekabrgacha maktab direktori lavozimiga nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini baholash hamda baholash natijasi bo‘yicha ularga menejerlik sertifikatini berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

2022-yil 1-sentabrdan Xalq ta’limi vazirligi tizimidagi umumiy o‘rta ta’lim muassasalari kutubxonalari va «Bolalar kutubxonalari» xodimlarining lavozim maoshi miqdori 1,2 baravarga oshiriladi.

 

Add a Comment

Your email address will not be published.

Mavzuga oid​

Telegram kanalga a’zo bo’lgan holda yangiliklar to'g'ridan-to'g'ri xabardor bo’ling!

Hamkorlarimiz

По теме

Станьте участником Telegram-канала и будьте в курсе новостей напрямую!

Наши партнеры