Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4000 ta davlat granti kvotasi ajratildi: imtiyoz qanday qo‘llanadi?

Xotin-qizlar uchun qo‘shimcha 4000 ta davlat granti kvotasi ajratildi: imtiyoz qanday qo‘llanadi?

Xotin-qizlar uchun qo’shimcha 4000 ta davlat granti kvotasi tasdiqlandi. Kvota viloyatlar kesimida quyidagicha taqsimlangan:

 

Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 284;

Andijon viloyati – 312;

Buxoro viloyati – 180;

Jizzax viloyati – 233;

Qashqadaryo viloyati – 337;

Navoiy viloyati – 196;

Namangan viloyati – 382;

Samarqand viloyati – 508;

Surxondaryo viloyati – 318;

Sirdaryo viloyati – 140;

Toshkent viloyati – 218;

Farg‘ona viloyati – 529;

Xorazm viloyati – 275;

Toshkent shahri – 88.

 

O‘tgan yillardagi kabi 3 ta sohaga alohida kvota ajratilgan

 

1) aniq va tabiiy fanlar;
2) texnika fanlari;
3) tibbiyot fanlari.

 

Mana shu uchta sohadan ortib qolgan kvotalar esa, umumiy boshqa barcha sohalar uchun bo‘ladi.

 

Masalan, Andijon uchun umumiy kvota 312 ta. Shu jumladan, aniq va tabiiy fanlar uchun 56 ta, texnika fanlari uchun 11 ta, tibbiyot fanlari uchun 75 ta kvota. Jami 142 ta o‘rin mana shu 3 ta sohaga ajratilmoqda. Qolgan 170 ta o‘rin esa boshqa barcha sohalar, masalan gumanitar, ijtimoiy, xizmatlar sohalari uchun beriladi.

 

Eslatma! Joriy yilda o’tish balli past bo’ladigan texnika yo’nalishi uchun kamaytirilib, tibbiyot uchun kvota ko’paytirilgan.

 

Tavsiyanomaga ega bo’lganlar uchun kvota qanday tasimlanadi? Ularga ball qo’shib beriladimi?

 

Turli tavsiyanomalar orqali davlat granti uchun qo‘shimcha kvotaga da’vogarlik qiladigan imtiyozli abituriyentlar yodidan chiqarmasligi kerakki, ushbu imtiyoz faqatgina 68 balldan ko‘proq to‘plaganlarga hamda tanlangan birinchi yo’nalishga qo‘llanadi. Ushbu tavsiyanoma ball qo‘shib bermaydi. Shuningdek, imtiyoz o’qishga aniq kirishni kafolatlamaydi.

 

Agar tavsiyanomasi bor abituriyent, u xoh xotin-qizlar bo‘lsin, xoh harbiylarning farzandlari bo‘lsin, 68 dan kamroq ball to‘plagan bo‘lsa, unda mazkur imtiyoz qo‘llanmaydi, tavsiyanomasi kuyadi. Lekin ular xuddi oddiy abituriyent singari umumiy tanlovda o’zlari tanlagan beshta yo’nalish bo’yicha bemalol qatnasha oladi.

 

4 mingta o‘rin uchun tavsiyanoma olgan xotin-qizlar uchun imtiyozli kvota faqat birinchi yo‘nalishga o‘tadi. Shu sababli birinchi yo‘nalishga kunduzgi ta’limni tanlash kerak. Agar birinchi yo‘nalishga sirtqi, kechki yoki masofaviy tanlansa, unda imtiyozli kvotaga da’vogarlik qila olishmaydi. Ya’ni, tavsiyonama kuyadi. Birinchiga kunduzgini tanlab, 2, 3, 4 yoki 5-yo‘nalishga sirtqi, kechki, masofaviyni tanlash mumkin.

 

Ammo, ball bo’yicha nogironligi bor abituriyentlar uchun istisno bor. Ya’ni ushbu toifadagilar 56,7 balldan oshirgan bo’lsa, grant uchun da’vogarlik qila oladi. Shuningdek, yo’nalish bo’yicha ham istisno bor. Nogironligi bor hamda ota-ona qaramog’idan mahrum bo’lgan abituriyentlar toifasi uchun qo’shimcha kvota beshta yo’nalishning barchasiga o’tadi. Ya’ni boshqa toifadagilar faqat o’zlari tanlagan birinchi yo’nalish uchun imtiyoz olsa, mazkur ikkita toifadagi abituriyentlar beshta yo’nalishda ham imtiyozga ega bo’ladi.

 

 

Xo‘sh, bu nimani anglatadi? Imtiyoz qanday qo‘llanadi?

 

Masalan, Toshkent shahriga 88 ta kvota berilgan. Ammo, Toshkent shahrida yashovchi 100 nafar xotin-qizning 4 foizlik imtiyozi bor. Tavsiyanoma olgan 100 nafar xotin-qizlar respublikaning istalgan OTMlariga hujjat topshirgan.

 

Abituriyentlar turlicha ball to‘plash. Toshkentda tavsiyanoma olgan barcha xotin-qizlar orasida eng yuqori ball olgan 88 nafar abituriyentlar grant asosida qo‘shimcha kvotaga qabul qilinadi. Qolgan xotin-qizlar o‘zining balli bilan umumiy tanlovda ishtirok etadi, ya’ni imtiyoz doirasida o‘qishga kira olmasa ham umumiy tartibda tanlovda qatnashaveradi.

 

Qisqa qilib aytganda, Toshkent shahrida jami 200 nafar xotin-qizlarga tavsiyanoma berilgan bo‘lsa, ular orasidan eng ko‘p ball to‘plagan 88 nafar xotin-qizlar davlat granti asosida qo‘shimcha kvotaga qabul qilinadi.