Bugun, Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi tomonidan yangi oʻquv yiliga tayyorgarlik hamda 1-sinf oʻquvchilariga beriladigan Prezident sovgʻalarini hududlarga yetkazish jarayonlariga bagʻishlangan press-tur tashkil etildi.
Ma’lum qilinishicha, 2025-2026-oʻquv yilida mamlakatimizdagi mavjud 10 170 tadan ortiq umumtaʼlim maktabida 6,7 million nafar oʻquvchi taʼlim olishni boshlashi kutilmoqda. Shuningdek, yangi oʻquv yilida respublikada 30 dan ortiq yangi maktab oʻz faoliyatini boshlaydi.
Yangi oʻquv yilida 738 ming nafar bola 1-sinfga kelishi kutilmoqda hamda bugungi kunga qadar 590 ming nafar bola maktabga qabul qilingan. Qabul jarayonlari 15-avgustga qadar davom etadi. 1-sinfga qabul qilinayotgan bolalar uchun 12 nomdagi oʻquv qurollari Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlangan.
Prezident sovgʻasi sifatida tayyorlangan ushbu oʻquv qurollari “Birinchi qoʻngʻiroq” tadbirlaridan soʻng topshiriladi. 1-sinfga qabul qilinayotgan har bir bolani Prezident sovgʻasi bilan oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida vazirlikning adm.maktab.uz elektron platformasi orqali maktablar kesimida bolalarning roʻyxati nomma-nom shakllantirilgan.

