Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti Umumta’lim maktablaridagi davomat bo‘yicha tadqiqot natijalarini e’lon qildi.
Mazkur tadqiqot natijalariga ko‘ra, hududlar bo‘yicha davomatning eng yuqori ko‘rsatkichlari Buxoro (89,1 foiz), Surxondaryo (88,3 foiz) va Qashqadaryo (88,2 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Toshkent shahri (57,8 foiz), Jizzax (76,9 foiz), Toshkent (75,8 foiz) va Farg‘ona (79,8 foiz) viloyatlarida kuzatilgan.
Predmetlar kesimida, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari orasida eng past davomat ko‘rsatkichlari o‘zbek tili va matematika predmetlarida kuzatilgan.
O‘rta sinf o‘quvchilari orasida o‘zbek tili, informatika, adabiyot va ingliz tili fanlari, yuqori sinf o‘quvchilari orasida ham o‘zbek tili, informatika, algebra va ingliz tili fanlarida davomatning eng past ko‘rsatkichlari kuzatilgan.
Ota-onalar orasida o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, betob bo‘lib qolishi (75,4 foiz), ota-onasiga ishlarda yordam berishi (8,9 foiz), ota-onasi ishga chiqishi kerakligi, 6 yoshgacha bo‘lgan bolalarga qaraydigan boshqa odam yo‘qligi (3,1 foiz), xususiy o‘qituvchi/repetitor bilan o‘qishi (1,7 foiz), maktabga borishi uchun qo‘shimcha xarajatlarga mablag‘ yetishmasligi (1,1 foiz) o‘quvchilarning dars qoldirishidagi asosiy sabablardir.
So‘rovda qatnashgan ota-onalarning 8,5 foizi farzandi nima sababdan dars qoldirganini bilmasligini aytgan.