So‘nggi yillarda ta’limda sun’iy intellekt va virtual reallik jadal rivojlanmoqda. Ayniqsa, sun’iy intellekt (SI) va virtual reallik (VR) asosidagi loyihalarning ta’siri kuchayib bormoqda. Tahliliy kompaniya Research & Markets ma’lumotlariga ko‘ra, 2027-yilgacha SI va VR asosidagi ta’lim bozori hajmi 15 milliard dollarga yetadi. 2032-yilga borib esa bu ko‘rsatkich yana to‘rt barobar o‘sishi kutilmoqda. Bunga asosiy sabab — interaktiv ta’lim o‘quvchilarning e’tiborini ko‘proq jalb qilib, o‘rganish jarayonining samaradorligini oshirmoqda.
Bu yo‘nalishda yirik IT kompaniyalar — Alphabet, Microsoft, Amazon Web Services, IBM, Pearson, McGraw Hill, Coursera, Duolingo va boshqalar yetakchi bo‘lib kelmoqda. Yana yuzlab EdTech startaplar ta’limni yanada qiziqarli va samarali qilishga intilmoqda.
Sun’iy intellekt asosida ishlaydigan mashhur ta’lim platformalaridan biri bu Synthesis Tutor bo‘lib, u Ilon Mask tashabbusi bilan yaratilgan. 2014-yilda Mask o‘z farzandlari uchun odatiy maktab tizimidan farqli, murakkab masalalarni yechadigan, yangilikni izlab o‘rganishga qiziqadigan bolalarni tarbiyalaydigan yangi ta’lim modelini yaratishga qaror qilgan.
Avval faqat SpaceX xodimlarining bolalari uchun mo‘ljallangan bu platforma bugunga kelib butun dunyo bo‘ylab 25 000 dan ortiq oilaga xizmat ko’rsatmoqda. Uning asosiy maqsadi — matematikani bolalar uchun zerikarli fan emas, balki qiziqarli va sarguzashtlarga boy o‘yin shakliga keltirish.
Synthesis Tutor — bu 5 yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun yaratilgan sun’iy intellektli repetitor bo’lib u har bir bola uchun individual ta’lim yo‘nalishini tanlaydi. Bolaning bilim darajasini tahlil qilib, qiyinchiliklarini aniqlaydi va qiziqishlariga moslashtirilgan mashqlarni taklif etadi. Shunday qilib, o‘quv jarayoni qiziqarli o‘yinga aylanadi. Natijada bolalar bilim olishdan zavqlanadi, ota-onalar esa farzandlarining muvaffaqiyatlarini mamnuniyat bilan kuzatishadi.
SI repetitorining asosiy afzalliklari:
Shaxsiy yondashuv — har bir bola o‘z tezligida o‘rganadi.
Zudlik bilan fikr bildiradi — xatolar darhol to‘g‘rilanadi.
Gamifikatsiya (o‘yinlashgan ta’lim) — o‘rganish o‘yinga aylanadi.
Doimiy foydalanish imkoni — istalgan vaqtda, istalgan joyda ta’lim olish mumkin.
Synthesis asosiy tamoyilga amal qiladi: Hech bir mavzu tushunib bo‘lmas darajada murakkab emas. Muhimi — uni qanday tushuntirish. Platforma dars murakkabligini asta-sekin oshiradi. Shu tariqa bolalarda qiziqish so‘nmaydi. Yillik obuna narxi atigi 100 dollar bo’lib — bu an’anaviy repetitor xizmatlariga nisbatan juda tejamkor variant hisoblanadi.
Bozorda Synthesis bilan birga ishlayotgan boshqa mashhur ta’lim platformalari ham bor:
Khan Academy — bepul va notijorat ta’lim platformasi bo‘lib, sun’iy intellekt asosida har bir o‘quvchining darajasiga mos materiallarni taklif etadi.
Duolingo — SI algoritmlari yordamida chet tillarni o‘rganish uchun interaktiv va o‘yin usullari orqali o’rgatadi.
Quizlet — turli mavzular bo‘yicha interaktiv kartochkalar, testlar usullar yordamida bilimni mustahkamlaydi.
Zamonaviy ota-onalarning eng katta muammolaridan biri — bolalarini ekran oldidan olib chiqish va ularning vaqtini foydali narsalarga yo‘naltirish. SI asosidagi platformalar bu muammoni hal qiladi: ular ayni o‘yinlarda mavjud motivatsiya mexanizmlarini bilim olishga yo‘naltiradi.
