Jismoniy shaxslarning bir qator daromadlari qonun bilan soliqdan ozod qilinadi. Mazkur daromadlar tarkibi Soliq kodeksining 378-moddasida belgilangan.
Bunday imtiyozlarda biri ushbu moddaning 16-bandiga ko‘ra Soliq toʻlovchining farzandlariga nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari va (yoki) maktablar koʻrsatadigan taʼlimga oid xizmatlar uchun ota-ona (farzandlikka oluvchilar) tomonidan har bir farzand uchun toʻlanadigan oyiga 3 million soʻmgacha boʻlgan toʻlovlar uchun yoʻnaltirilgan soliq solinishi lozim boʻlgan ish haqi va boshqa daromadlari daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Mana shu qoidaga koʻra, agar ota-ona farzandlarini xususiy maktabga yoki bogʻchaga bergan boʻlsa, ularning oʻqishi uchun yoʻnaltirilgan 3 mln soʻmgacha boʻlgan ish haqi daromad soligʻidan ozod qilinadi.
Mazkur imtiyoz har bir farzand uchun berilgani hisobga olinsa, ota-ona 2 nafar farzandini xususiy bogʻchaga bersa, unda 6 mln soʻmgacha daromad soliqdan ozod qilinadi.
Imtiyozdan foydalanishning 2 xil usuli mavjud:
Birinchisi, ish haqidan daromad soligʻi ushlab qolishda qoʻllaniladi. Yaʼni ota-ona ish beruvchi nomida ish haqidan farzandlarining xususiy maktab yoki bogʻchaga toʻlov uchun oʻtkazish haqida ariza berishi va mazkur ariza xususiy maktab yoki bogʻcha bilan tuzilgan shartnomani ilova qilishi kerak boʻladi.
Bunda ish beruvchi soliq agenti sifatida Soliq kodeksining 386-moddasiga muvofiq xodimlarining ish haqlaridan daromad soligʻini hisoblab, uni byudjetga yoʻnaltirish jarayonida soliq imtiyozini qoʻllaydi. Bunday holatda imtiyoz avtomatik ravishda qoʻllanilib, ish haqining xususiy taʼlimga yoʻnaltirilgan qismidan soliq hisoblanmaydi.
Ikkinchisi, agar ota-ona ish haqi olgandan soʻng, farzandlarining taʼlimi uchun xususiy maktabga yoʻnaltirgan boʻlsa, Soliq kodeksining 103-moddasiga binoan ota-ona ortiqcha toʻlangan soliqni qaytarib olish huquqiga ega boʻladi. Buning uchun ushbu kodeks 105-moddasi asosida ota-ona soliqni qaytarish boʻyicha soliq organiga ariza berishi talab etiladi. Arizani yozma shaklda hududiy soliq organi borgan holda berish mumkin.
Shuningdek, elektron shaklda ushbu havola orqali jami yillik daromad haqida dekloratsiya toʻldiriladi. Shundan soʻng, my.gov.uz saytidan JSH ortiqcha toʻlangan soliq summasini qaytarish haqida ariza beriladi.
Bunda ortiqcha undirilgan soliq summasi soliq toʻlovchiga ariza qabul qilingan kundan eʼtiboran oʻn besh kun ichida, ariza beruvchiga qaytariladi.
Asos: Yurist Xizmati
