Bugun, 16-iyun kuni AOKA da sirtqi ta’lim shakli tugatilishi yuzasidan brifing bo‘lib o‘tdi. Unda fuqarolar va jamoatchilik vakillari tomonidan kelayotgan savollarga javob berildi.
Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi Ta’lim sifatini ta’minlash milliy agentligi hamda manfaatdor respublika ijro etuvchi hokimiyat organlari va xo‘jalik birlashmalari bilan birgalikda ilg‘or xorijiy tajribalarni hisobga olgan holda maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tartibi bo‘yicha normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish vazifasi yuklangan.
Maqbullashtirilgan kunduzgi ta’lim shakli (part-time ta’lim) — talabalarga ish joyi bilan bog‘liq faoliyatni davom ettirgan holda, kunduzgi ta’lim tizimi asosida ta’lim olish imkonini beradigan zamonaviy va qulay ta’lim formati bo‘lib, unda ta’lim jarayoni va ish faoliyati muvozanatli tarzda olib boriladi.
Shuningdek, normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqilganidan so‘ng, ushbu ta’lim shaklini joriy etish va rivojlantirish bo‘yicha aniq chora-tadbirlar amalga oshiriladi.
Hozirgi vaqtda O‘zbekistondagi 21 ta davlat OTM da hamda qator nodavlat oliy ta’lim tashkilotlarida tegishli ta’lim yo‘nalishlari bo‘yicha masofaviy ta’lim shakli samarali yo‘lga qo‘yilgan.
Ta’kidlanishicha, 2025/2026 o‘quv yilida boshqa oliy ta’lim tashkilotlarida ham masofaviy ta’lim shakli bo‘yicha kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha zaruriy chora-tadbirlar, jumladan, masofaviy ta’lim platformalari yaratilib, ularni zaruriy kontentlar bilan to‘ldirish ishlari tashkil qilinmoqda.
Masofaviy ta’lim shakliga o‘qishga kirish umumiy tartibda amalga oshirilib, abituriyentlardan qo‘shimcha majburiyatlar talab etilmaydi.
