Bugun, 22-aprel kuni Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida Ozarbayjon Respublikasi bilan hamkorlikda tashkil etilgan STEAM innovatsion taʼlim markazi ochilish marosimi bo’lib o’tdi.
Prezident qarori asosida tashkil etilgan va loyiha qiymati 15 mlrd soʻm boʻlgan ushbu zamonaviy markaz jami 9 ta laboratoriya, uchrashuvlar va boshqaruv xonalaridan iborat.
Tadbir ushbu markazga Ozarbayjon Fan va taʼlim vazirligi tomonidan 551 ming AQSh dollari qiymatidagi zamonaviy laboratoriya hamda mebel jihozlari yetkazib berilgani munosabati bilan tashkil etilgan.
Ma’lum bo’lishicha, bu jihozlar yordamida maktabgacha va boshlangʻich sinf oʻquvchilari uchun oʻyinlashtirilgan oʻquv qurilmalari yordamida kreativ fikrlash qobiliyati, 4 xil turdagi konstruksiyaviy toʻplamlar yordamida oʻquvchilarning robototexnika va IQ darajasi rivojlantiriladi.
Shuningdek, aviasimulyator laboratoriyasidagi ilgʻor texnologiyalarni qoʻllash orqali aerodinamika, parvoz nazariyasi, dronlar va sunʼiy yoʻldoshlar tuzilishi oʻrgatiladi. Xususan, virtual laboratoriyada murakkab sohalarni xavfsiz muhitda oʻrganish imkoniyati yaratiladi.
Ma’lumot uchun: 2025-yil iyun oyidan boshlab bosqichma-bosqich yozgi innovatsion oromgoh, iqtidorli maktab oʻquvchilari va oʻqituvchilari uchun “Yashil maskan” festivali, eko tizim uchun foydali startaplar hamda innovatsion ishlanmalar loyihalarini joriy etish rejalashtirilgan.


