Iqtisodchi Otabek Bakirov “Oʻqituvchining nisbiy kambagʻallashishi 2017-yildan beri toʻxtagani yoʻq, lekin 2024-yilda ular amalda ham kambagʻallashgan”, – deb yozadi o’zining telegram sahifasida.
Ma’lum qilinishicha, 2024-yil yakunlari boʻyicha Oʻzbekistonda oʻrtacha oylik ish haqi 17,4%ga oshib, 5 357,2 ming soʻmga yetgan. Lekin maktab oʻqituvchisining oʻrtacha oyligi ikki barobar sekinroq, 9,7%ga oshib, 3 584,7 ming soʻmni tashkil etgan. Oʻzbekistonda rasmiy inflyatsiya 9,8%ni tashkil etgani hisobga olinsa, oʻzbek oʻqituvchisi nafaqat nisobda, amalda ham kambagʻallashgan.
“2024-yil yakunlariga koʻra, oʻqituvchining oʻrtacha oyligi Oʻzbekistondagi oʻrtacha oylikdan 33,1%ga ortda qolmoqda. 2023-yilda ortda qolish darajasi 28,2% edi. Islohotlar boshlangan 2017-yilda oʻqituvchilarning maoshi Respublika boʻyicha oʻrtacha maoshdan 20% ortda qolar edi.
Taʼlim bilan birga sogʻliqni saqlashda ham nisbiy kambagʻallashish tezlashgan.
Agar tendensiya saqlansa, axborot va aloqa sohasidagi oʻrtacha maoshlar yaqin yillarda bank va moliya sohasidagi oʻrtacha maoshlarni quvib oʻtishi kerak”, — deb yozgan iqtisodchi.
Bundan tashqari, maoshlar statistikasida eʼtiborli oʻzgarishlar Namangan viloyatidagi oʻrtacha maoshlar endi Oʻzbekistonda eng kam emasligi bilan bogʻliq. Namangan viloyati oʻtgan 2024-yilda oʻrtacha ish haqi koʻrsatkichida bira toʻla Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarini quvib oʻtgan (balki bu faoliyatni oqartirish ishlari bilan bogʻliq boʻlgan).
Shuningdek, Toshkent va viloyatlar oʻrtasidagi maoshlar farqi esa oʻsishda davom etmoqda. Masalan, eng yuqori maosh toʻlanadigan poytaxt va eng kam maoshli hudud oʻrtasidagi farq 2,40 ga yetgan (oʻtgan yili 2,25).