Mirobod tumanidagi 214- va 65-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktablarida virusli gepatit aniqlangani haqida Toshkent shahar Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasi xabar berdi.
Joriy yilning 3 dekabr kuni Sanepidemqo‘mita mutaxassislari tomonidan mazkur maktablarda epidemiologik surishtiruv va sanitariya nazorati o‘tkazildi. Tekshiruv davomida quyidagilar ko‘rib chiqildi:
– o‘quvchilar va maktab xodimlarining o‘z vaqtida tibbiy ko‘rikdan o‘tganligi;
– shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish holati;
– sinfxonalarda tozalik ishlarining olib borilishi va jihozlarning sozligi;
– isitish tizimlari va oqova suv tarmoqlarining holati;
– hojatxonalarda gigiyena qoidalariga rioya qilinishi.
«Tekshiruvlar natijasida, maktabning sanitariya holati talabga javob bermasligi ma’lum bo‘lganidan so‘ng, aniqlangan kamchiliklar yuzasidan maktab rahbariyatiga nisbatan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirildi», — deyiladi xabarda.
Bundan avval ham Toshkent shahrining turli tumanlarida virusli gepatit bilan bog‘liq holatlar qayd etilgan edi. Xususan, oktyabr oyida Bektemir tumanidagi 345-sonli maktabda, oktyabr boshida esa ushbu tumandagi 290-sonli maktabda, va Yashnobod tumanlaridagi 206- hamda 215-sonli maktablarda ham tekshiruv o‘tkazgan edi. Sentyabr oxirida Yashnobod tumanidagi 149- va 198-sonli maktablarda, undan oldin bo‘lsa 227-umumta’lim maktabi kabi maktablarda shunga o‘xshash tekshiruvlar amalga oshirilgan.
Eslatib o‘tamiz, virusli gepatit jigar hujayralarini zararlovchi kasallik bo‘lib, organizmda intoksikatsiya — zaharlanishga olib keladi. Kasallikning A, B, C, D, E, G kabi turlari mavjud bo‘lib, ularning har biri jiddiy salomatlik muammolariga sabab bo‘lishi mumkin.