Prezident Shavkat Mirziyoyev 24-sentabr kuni kasbiy ta’limni rivojlantirish va milliy malaka tizimini isloh qilishga oid takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Hozirgi kunda professional ta’lim tizimi uch turdagi muassasalar: 333 ta kasb-hunar maktabi, 227 ta texnikum va 112 ta kollejdan iborat. Ular tabaqalashganligi va dasturlari o‘rtasida uzviylik bo‘lmagani sababli mavjud quvvatlardan unumli foydalanilmayapti.
Shu bois mazkur 3 turdagi muassasalar negizida texnikumlar tarmog‘ini rivojlantirish taklif etilmoqda. Unga ko‘ra, 600 ta texnikum tashkil etiladi. Maqbullashtirish natijasida bo‘shaydigan 71 ta muassasa binosi maktablarga aylantirilib, 42 mingta yangi o‘quvchi o‘rni yaratiladi.
Bundan tashqari, ilgari kollejlar turli vazirlik va idoralarga qarashli edi. Endi bu tizimda boshqaruv, tashkiliy va metodik jihatdan yagona davlat siyosati Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi tomonidan yuritiladi.