Malaka oshirishga onlayn o‘qishim mumkinmi, mumkin bo‘lsa kimga murojaat qilish kerak?
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 17-yanvardagi 25-son qaroriga 1-ilovada tasdiqlangan Xalq ta’limi xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi Nizom 64-bandiga asosan malaka oshirish ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlari tomonidan ishlab chiqilgan va belgilangan tartibda tasdiqlangan tabaqalashtirilgan ishchi o‘quv dasturlari bo‘yicha amalga oshiriladi.
Reyestr orqali har yili 5-oktabrda navbatdagi kalendar yilda tashkil etiladigan malaka oshirish kurslari haqidagi ma’lumotlar kurslarni tashkil qiladigan ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotlari hamda elektron platforma bo‘yicha barcha xodimlar e’tiboriga havola qilinadi (nizom 68-band).
Ushbu nizom 69-bandiga asosan xalq ta’limi tashkilotining har bir xodimi, joriy yilning 6-oktabridan 15-oktabriga qadar, o‘z ehtiyoji va ixtiyoridan kelib chiqib, navbatdagi kalendar yilda malaka oshiradigan ixtisoslashtirilgan ta’lim tashkilotini tanlaydi.
Yuqoridagilarga ko‘ra, pedagog xodim har yili 15-oktabrga qadar malaka oshirish uchun ta’lim tashkilotida ishlab chiqarishdan ajralgan holda malaka oshirish yoki nizom 68-bandiga asosan elektron platforma orqali malaka oshirishni tanlaydi.
Shunga ko‘ra pedagog qaysi usulda malaka oshirishni tanlagan bo‘lsa, shu usulda malaka oshirishi kerak.