AQSHning Anthropic kompaniyasi tadqiqotchisi Levent Alpoge Claude sun’iy intellekt modeli yordamida 160 yildan ortiq vaqtdan beri yechimi topilmay kelayotgan Riman gipotezasini yechganini ma’lum qildi. Biroq u taqdim etgan matematik dalillar hozircha mustaqil ekspertlar tomonidan tekshirilmagan.
Tadqiqotchi 20-noyabr kuni e’lon qilgan to‘rt sahifalik bayonotida Claude bilan ishlash jarayonida Riman gipotezasining yechimini topganiga ishonishini yozgan. Uning ta’kidlashicha, taklif etilgan yondashuv gipotezaning umumlashgan shaklini ham qamrab oladi.
Riman gipotezasini 1859-yilda nemis matematigi Bernhard Riman ilgari surgan. U tub sonlarning taqsimlanish qonuniyatlari bilan bog‘liq bo‘lib, sof matematikaning eng muhim va hozirgacha yechimi topilmagan masalalaridan biri hisoblanadi.
Alpoge o‘z ishini tekshirishda Lean dasturlash tilidan foydalangan. Bu vosita matematik isbotlarning turli bosqichlarini kompyuter yordamida tekshirish imkonini beradi. Tadqiqotchi isbotning barcha matematik jihatlarini hali to‘liq tushunib yetmaganini tan olgan. Shu sababli ishni qayta ko‘rib chiqib, batafsil bayon etishni rejalashtirayotganini bildirgan.
Uning so‘zlariga ko‘ra, isbotni to‘liq yozma shaklda bayon etish ancha vaqt talab qiladi. Alpoge natijalarni e’lon qilishdan oldin Anthropic bosh direktori Dario Amodei bilan ham maslahatlashgan. Kompaniya esa mazkur holat yuzasidan hozircha izoh bermagan.
Riman gipotezasi 2000-yilda Kley matematika instituti tomonidan belgilangan yettita “Ming yillik masalalari”dan biri hisoblanadi. Ushbu muammolarning har birini yechganlik uchun 1 million dollar mukofot belgilangan. Institut qoidalariga ko‘ra, yechim ilmiy taqrizdan o‘tgan jurnalda e’lon qilinishi va kamida ikki yil davomida mutaxassislar tomonidan o‘rganilishi kerak.
Hozircha Alpoge taqdim etgan natija matematiklar tomonidan tasdiqlanmagan. Nyu-York universitetining matematika professori Nestor Gilyen esa tadqiqotchining Claude yordamidan foydalanganini va isbotning barcha jihatlarini hali to‘liq tushunib yetmaganini ochiq aytganini ijobiy baholagan.
Avvalroq, sentyabr oyida OpenAI ham 10 mingta sun’iy intellekt agentidan foydalanib, qariyb 90 yildan beri yechimi topilmay kelayotgan “Ming yillik masalalari”dan biri Navye–Stoks masalasining muhim qismini yechganini ma’lum qilgan edi. O‘shanda ham taqdim etilgan natija mustaqil ekspertlar tomonidan to‘liq tasdiqlanmagani qayd etilgan.
