Adliya vazirligi tomonidan tashkil etilayotgan tanlovda 16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari ishtirok etishi mumkin. Imtihon ikki bosqichda o‘tkazilib, g‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 34 yilligi munosabati bilan Adliya vazirligi tomonidan “Umummilliy Konstitutsiya imtihoni” o‘tkaziladi.
Unda ishtirok etish uchun 18–22-noyabr kunlari soat 23:59 ga qadar 8-dekabr.adliya.uz platformasi orqali ro‘yxatdan o‘tish kerak. Imtihonda 16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin. G‘oliblar diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlanadi.
Imtihon ikki bosqichda, davlat tilida tashkil etiladi. Birinchi bosqich test sinovi, ikkinchi bosqich esa savol-javob suhbatidan iborat bo‘ladi.
Birinchi bosqichda ishtirokchilar 8-dekabr.adliya.uz platformasi orqali 20 ta test savolini bajaradi hamda bitta ijodiy savolga javob yozadi. Ijodiy savolga javob 150–200 so‘zdan iborat bo‘lishi lozim.
Test savollarining barchasiga to‘g‘ri javob bergan ishtirokchilar orasidan topshiriqlarni eng qisqa muddatda bajargan 20 nafar ishtirokchi saralab olinadi. Shundan so‘ng hakamlar hay’ati ularning ijodiy savolga bergan javoblarini ko‘rib chiqib, 10 ballgacha baholaydi. Eng yuqori ball to‘plagan 10 nafar ishtirokchi ikkinchi bosqichga yo‘l oladi.
Birinchi bosqich 25-noyabr kuni soat 10:00 dan 14:00 gacha o‘tkaziladi.
Ikkinchi bosqich savol-javob suhbat shaklida tashkil etiladi. Unda ishtirokchilarga konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha ikkita tezkor savol beriladi. Har bir savol 10 ballik mezonda baholanadi. Savolga tayyorlanish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun ham 1 daqiqa vaqt ajratiladi.
Shuningdek, ishtirokchilarga umumiy qonunchilik, jumladan konstitutsiyaviy huquq bo‘yicha bitta kazus — muammoli holat beriladi. Kazus 10 ballik mezonda baholanadi. Uni tahlil qilish uchun 1 daqiqa, javob berish uchun 3 daqiqa vaqt beriladi.
Suhbat jarayonlari onlayn translyatsiya qilinadi. Ikkinchi bosqich 8-dekabr — Konstitutsiya kuni arafasida o‘tkaziladi.
Imtihonda 16 yoshga to‘lgan O‘zbekiston fuqarolari qatnashishi mumkin. Biroq oliy yuridik ma’lumotga ega shaxslar, yuridik texnikum va yuridik mutaxassislikka ixtisoslashgan boshqa ta’lim muassasalarida tahsil olayotganlar, oliy ta’lim tashkilotlarining yurisprudensiya yo‘nalishida o‘qiyotgan talabalar, shuningdek adliya organlari va muassasalari xodimlarining natijalari hisobga olinmaydi. Ushbu toifadagi shaxslar final bosqichida ishtirok eta olmaydi.
Tanlovda faqat bitta akkaunt orqali ishtirok etishga ruxsat beriladi. Keyingi bosqichga o‘tish vaqtida ishtirokchining turli akkauntlardan qatnashgani aniqlansa, u natijasidan qat’i nazar imtihondan chetlashtiriladi.
