Allamjonov ma’lum qilishicha, AQSh oliygohida sun’iy intellekt davridagi rivojlanish yo‘nalishlari va yangi strategiyasi yuzasidan fikr almashilgan.
Prezident Administratsiyasi Rahbari maslahatchisi va Administratsiyaning AQShdagi vakili Komil Allamjonov Jorj Vashington universiteti prezidenti Ellen Granberg bilan uchrashib, sun’iy intellekt davrida oliygohni rivojlantirish strategiyasini muhokama qildi.
Bu haqda Komil Allamjonov o‘zining Telegram kanalida ma’lum qildi.
Uning yozishicha, uchrashuv universitet prezidenti huzuridagi Maslahat kengashining navbatdagi yig‘ilishi doirasida bo‘lib o‘tgan. Unda oliygohning kelajagi, sun’iy intellekt davridagi rivojlanish yo‘nalishlari va yangi strategiyasi yuzasidan fikr almashilgan.
Allamjonov, shuningdek, dunyoning nufuzli ilmiy markazlaridan biri hisoblangan Jorj Vashington universiteti Maslahat kengashi a’zosi sifatida uning rivojiga hissa qo‘shish o‘zi uchun sharaf ekanini ta’kidlagan.
Eslatib o‘tamiz, Komil Allamjonov AQSHning nufuzli universitetida ish boshlagani haqida xabar bergan edik.
