Qashqadaryo viloyati Dehqonobod tumanidagi Jing‘il qishlog‘ida joylashgan 84-sonli maktab o‘quvchilari xavfsizligini ta’minlash maqsadida 50–60 metr uzunlikdagi osma piyodalar ko‘prigi quriladi. Uni bir oy ichida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Avvalroq, Dehqonobod tumani Yashnaobod MFY Jing‘il qishlog‘idagi 84-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchilarining maktabga borish uchun soy suvidan kechib o‘tayotgani aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgandi.
Videoda ayrim ota-onalar bolalarni suvdan ko‘tarib olib o‘tayotgani ko‘rinadi. Holat jamoatchilik orasida muhokamalarga sabab bo‘lgach, Talimxabarlari.uz Dehqonobod tumani hokimligi axborot xizmati bilan bog‘langan edi. Tuman hokimligi axborot xizmati rahbari holat yuzasidan ishchi guruh tuzilganini, mas’ul tashkilotlar bilan hamkorlikda hududdagi vaziyat o‘rganilayotganini ma’lum qilgandi.
Shuningdek, Qashqadaryo viloyati hokimligi ham bolalarning ta’lim muassasasiga borib-kelishida xavfli vaziyatlarga duch kelishiga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini bildirib, muammoning doimiy yechimini topish bo‘yicha ishlar olib borilayotganini qayd etgan edi.
Endilikda ushbu muammoni hal etish va o‘quvchilar xavfsizligini ta’minlash maqsadida soy ustiga piyodalar ko‘prigi qurilishi ma’lum qilindi. Bu haqda “Zamon” informatsion dasturida xabar berildi.
Dehqonobod tumani obodonlashtirish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i Javohir Jabborovning bildirishicha, bolalarga qulaylik yaratish maqsadida ko‘prik yaqin bir oy ichida qurilib, foydalanishga topshiriladi.
Qashqadaryo viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Ahror Sodiqov esa “Millar” dasturiga bergan izohida tez orada hududda 50–60 metr uzunlikdagi osma piyodalar ko‘prigi qurilishi boshlanishini bildirgan.
