Hukumatning 2026-yil 11-noyabrdagi 617-son qarori bilan tasdiqlangan nizomga muvofiq, madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar g‘oliblari bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.
Hukumatning 2026-yil 11-noyabrdagi “Madaniyat, sanʼat va adabiyot sohalaridagi nufuzli tanlovlar gʻoliblarini, ularning oʻqituvchi va konsertmeysterlarini ragʻbatlantirish hamda tanlovlarda ishtirok etish xarajatlarini qoplash tartibi toʻgʻrisida”gi 617-son qarori tasdiqlandi.
Nizomga ko‘ra, nufuzli xalqaro tanlovlarning gran-pri va 1-o‘rin sohiblariga 300 million so‘mdan, 2-o‘rin egalariga 200 million so‘m, 3-o‘rin sohiblariga esa 100 million so‘m miqdorida bir martalik pul mukofoti beriladi.
Respublika tanlovlarida gran-pri va 1-o‘rin uchun 100 million so‘mdan, 2-o‘rin uchun 50 million so‘m, 3-o‘rin uchun esa 25 million so‘m mukofot belgilanadi.
Madaniyat vazirligi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxatga kiritilmagan xalqaro tanlovlar g‘olib va sovrindorlariga ham mukofot berilishi mumkin. Buning uchun tanlovda 30 dan ortiq mamlakat vakillari qatnashishi, u haqda 20 dan ortiq mamlakat ommaviy axborot vositalarida ma’lumot e’lon qilinishi, YUNESKO yoki boshqa yirik xalqaro tashkilotlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi yoki tan olinishi hamda kamida 4 ta saralash bosqichiga ega bo‘lishi talab etiladi.
