Erkinjon Turdimov 5 nafar rektorni ishdan olgani aytilmoqda

Erkinjon Turdimov 5 nafar rektorni ishdan olgani aytilmoqda

Ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistondagi beshta oliy ta’lim muassasasi rektori lavozimidan ozod etilgani haqida xabarlar tarqaldi. Ular orasida O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti rektori Ilhomjon To‘xtasinov va Samarqand davlat chet tillar instituti rektori Bahodir Holiqov ham bor.

 

Qalampir.uz manbasi ma’lumotiga ko‘ra, tegishli qaror bugun 6-noyabr kuni Ta’lim va ilm-fan vaziri Erkinjon Turdimov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qilingan. Hozircha lavozimidan ozod etilgan 5 nafar rektorning barchasi haqida batafsil ma’lumot berilmagan.

 

Jahon tillari universiteti rektorining lavozimidan ozod etilishi “Xavfsiz talaba” ilovasi bilan bog‘liq mojaro ortidan yuz bergani aytilmoqda.

 

Eslatib o‘tamiz, 3-noyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda bir nechta oliy ta’lim muassasalarida talabalardan “Xavfsiz talaba” ilovasini o‘rnatish talab qilinayotgani, ayrim hollarda bunga rozi bo‘lmagan talabalar darslarga kiritilmayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.

 

Xususan, O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti talabalaridan biri universitetga kirishda ilovani o‘rnatish talab qilinayotganini, ayrim talabalar bu jarayonda darsga kechikib, davomatda “NB” qayd etilganini bildirgan. Shuningdek, dars vaqtida ham ilovani o‘rnatmagan talabalarga bosim o‘tkazilayotgani haqida murojaatlar e’lon qilingan.

 

Toshkent davlat yuridik universiteti va Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti talabalari ham ilovani o‘rnatish bo‘yicha talablar qo‘yilayotgani haqida yozgan.

 

Talabalar ilovaning maqsadi va uni o‘rnatish zarurati yetarlicha tushuntirilmayotganini tanqid qilgan.

 

Mazkur holat yuzasidan Ta’lim va ilm-fan vazirligi ham munosabat bildirgan. Vazirlik rahbariyati vaziyatni o‘rganish bo‘yicha topshiriq bergani, ishchi guruh esa holatni o‘rganishni boshlagani ma’lum qilingan. Shuningdek, vazirlik ta’lim jarayonining uzluksizligi va talabalarning ta’lim olish huquqi ta’minlanishi shartligini ta’kidlagan.