Nodavlat ta’lim tashkilotlari barcha zarur sharoitlarni yaratgan taqdirda, ularda ham inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar tashkil etilishi mumkin. Buning uchun tegishli hududiy ta’lim boshqarmasi bilan kelishish talab etiladi.
Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 12-oktyabrdagi 638-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomga ko‘ra, nodavlat maktablarda ham inklyuziv ta’lim va boshlang‘ich tayanch korreksion sinflar ochishga ruxsat berilgan.
Buning uchun ta’lim tashkilotida o‘quvchilarning bino ichida erkin harakatlanishi va ta’lim olishi uchun zarur sharoitlar yaratilgan bo‘lishi kerak.
Shuningdek, nodavlat maktablarda bunday sinflarni tashkil etish Taʼlim va ilm-fan vazirligining tegishli hududiy boshqarmalari bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi.
Eslatib o‘tamiz, Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi matbuot kotibi Shavkat Xo‘jaqulov joriy yilning dastlabki to‘qqiz oyida bajarilgan ishlar va erishilgan natijalar yuzasidan brifing o‘tkazgan edi. Brifingda Inklyuziv ta’lim bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilganligi haqida xabar berilgan edi.
Unga ko‘ra, psixologik xizmat va inklyuziv ta’limni rivojlantirish yo‘nalishida 819 nafar hududiy trener tayyorlangan.
Alohida ta’lim ehtiyojlari bo‘lgan bolalar uchun individual rivojlantirish dasturi tasdiqlangan. Shuningdek, ularning bilimini baholash va ta’lim muhitiga moslashishini aniqlash bo‘yicha yangi mexanizmlar ishlab chiqilgan.
