Germaniyaning 34 ta shaharida 160 mingdan ortiq yoshlar ishtirok etishi kutilayotgan namoyishlar o‘tkaziladi. Ular majburiy harbiy xizmat va ta’lim xarajatlarining qisqartirilishiga qarshi chiqmoqda.
Reuters xabariga ko‘ra, namoyish tashkilotchilari mamlakat bo‘ylab 160 mingdan ortiq kishi qatnashishini kutmoqda. Berlin, Frankfurt va Myunxen kabi yirik shaharlarda ham o‘tkazilishi rejalashtirilgan tadbirlarni “Gen Z regelt» ( Z avlod o‘zi boshqaradi) nomli yoshlar harakati tashkil qilmoqda.
Namoyishchilar hukumatning harbiy xizmatga oid rejalaridan norozi. Shuningdek, ular yashash xarajatlarining oshishi, ta’lim tizimidagi muammolar va davlat xizmatlariga ajratilayotgan mablag‘ yetarli emasligiga e’tibor qaratmoqda.
Germaniya xavfsizlik idoralari namoyishlar asosan tinch o‘tishini kutayotgan bo‘lsa-da, ayrim ekstremistik guruhlar vaziyatdan foydalanishga urinishi mumkinligidan ogohlantirgan. Shu sababli Berlinning ayrim savdo ko‘chalari va do‘konlarida xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.
Namoyish tashkilotchilaridan biri, 18 yoshli Stivning ta’kidlashicha, hukumat yoshlarning muammolarini hal qilish o‘rniga ularga qo‘shimcha yuk yuklamoqda. Uning fikricha, yoshlar o‘z talablarini bildirishda davom etishi kerak.
Ayni paytda Germaniyada boshqa yoshlar tashkilotlari ham ushbu masalalarga e’tibor qaratmoqda. Maktab o‘quvchilarining milliy tashkilotlaridan biri bo‘lgan BSK 31-oktyabrdagi namoyishdan o‘zini chetga olgan, biroq 20-noyabr kuni alohida norozilik tadbirini o‘tkazishni rejalashtirgan.
Berlindagi Texnika universiteti talabalari esa namoyish orqali universitet binolarining yomon ahvoli va ta’lim muassasalaridagi infratuzilma muammolariga ham jamoatchilik e’tiborini qaratmoqchi.
Avvalroq, Parijning norozi talabalar namoyishi “Luvr”gacha yetib kelgani haqida xabar bergan edik.
