Ta’lim va ilm-fan vaziriga ikki oʻrinbosar tayinlanishi kutilmoqda

Ta’lim va ilm-fan vaziriga ikki oʻrinbosar tayinlanishi kutilmoqda

Taʼlim va ilm-fan vaziriga Sanjar Mirzaliyev va Mehriniso Pardayevalar oʻrinbosar etib tayinlanishi mumkin.

 

Taʼlim va ilm-fan vazirligi Prezident Farmoni bilan Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar hamda Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirliklari negizida tashkil etilgan edi.

 

9-oktyabr kuni ushbu vazirlikka Erkinjon Turdimov vazir etib tayinlandi. Shuningdek, unga Bosh vazirning birinchi oʻrinbosari maqomi ham berildi.

 

Administratsiyasi Rahbarining taʼlimni isloh qilish boʻyicha sobiq oʻrinbosari Ilxom Siradjev esa Erkinjon Turdimovning komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari lavozimiga tayinlangan edi.

 

Ammo hozirga qadar vazirga boshqa oʻrinbosarlar tayinlangani yoʻq.

 

Ma’lumotlarga ko’ra, Sanjar Mirzaaliyev va Mehriniso Pardayevalarning vazirning oʻrinbosari etib tayinlanishi kutilmoqda.

 

Sanjar Mirzaliyev

 

Sanjar Mirzaliyev 1990-yil Andijon viloyatida tugʻilgan. Toshkent shahridagi Turin politexnika universitetini tamomlagan. Shuningdek, Erbana-Shempeyn Illinoys universitetida (UIUC, AQSH) magistratura bosqichida tahsil olgan. Texnika fanlari boʻyicha falsafa doktori (PhD), dotsent.

 

 

Mehnat faoliyati davomida Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti, “Oʻzagrotexsanoatholding” hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida turli masʼul lavozimlarda, Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti Oʻquv-uslubiy boshqarmasi boshligʻi lavozimida ishlab kelgan.

 

 

2026-yil 14-may kuni Vazirlar Mahkamasining tegishli qaroriga koʻra, Mirzaliyev Sanjar Mahamadjon oʻgʻli Toshkent shahridagi Belarus–Oʻzbekiston qoʻshma tarmoqlararo amaliy texnik kvalifikatsiyalar institutining ijrochi direktori etib tayinlangan edi.

 

Mehriniso Pardayeva

 

Mehriniso Pardayeva 1972-yilda Navoiy viloyatida tugʻilgan. Navoiy shahridagi Navoiy davlat pedagogika instituti Matematika va umumtexnika fanlari fakultetida tahsil olgan.

 

Shuningdek, Mehriniso Pardayeva mehnat faoliyati davomida Navoiy viloyati Xalq taʼlim boshqarmasi boshligʻi, Respublika taʼlim markazi direktor oʻrinbosari, Abdulla Avloniy nomidagi Pedagogik mahorat milliy institutida prorektor lavozimlarida ishlab kelgan.

 

Hozirda Taʼlimni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazida Taʼlimni pedagogik-psixologik qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.