Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda kuzatilgan uzilishlarga izoh berildi

Milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tishda kuzatilgan uzilishlarga izoh berildi

Biologiya, kimyo, matematika va fizika fanlaridan milliy sertifikat imtihonlariga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida ayrim texnik uzilishlar kuzatilgan. Bilim va malakalarni baholash agentligi bunga munosabat berdi.

 

Xabaringiz bor, 16-oktyabr kuni biologiya, kimyo, matematika va fizika fanlaridan noyabr oyida o‘tkaziladigan milliy sertifikat imtihonlarida qatnashish uchun arizalar qabul qilindi.

 

Talabgorlar hududlar kesimida ajratilgan o‘rinlar sonidan kelib chiqib, my.gov.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tdi.

 

Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tgan talabgorlar imtihonda qatnashish uchun to‘lovni ariza topshirilgan vaqtdan boshlab 24 soat ichida amalga oshirishi kerak. Ya’ni milliy sertifikat imtihoni uchun kecha roʻyxatdan oʻtib, bugun toʻlov qilmaganlarning arizasi bekor qilinadi. Bo‘shagan o‘rinlarga boshqa talabgorlar ro‘yxatdan o‘tishi mumkin.

 

Mazkur imtihonlarga ro‘yxatdan o‘tish jarayonida my.gov.uz orqali ayrim uzilishlar yuzaga kelgan.

 

Bilim va malakalarni baholash agentligi mazkur holatga rasmiy munosabat berib, ushbu texnik muammolar tegishli tashkilotlar tomonidan bartaraf etilganligini ma’lum qildi.

 

my.gov.uz tomonidan e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, ro‘yxatga olish yakunida jami 213 414 ta ariza kelib tushgan. Shundan 45 596 tasi my.gov.uz portali, 167 818 tasi esa MyGov ilovasi orqali yuborilgan.

 

Maʼlumot uchun, geografiya, ona tili va adabiyot va tarix fanlaridan oktyabr oyida oʻtkaziladigan imtihonlar uchun arizalar 18-sentyabrdan 2-oktyabrga qadar etib belgilangan edi. Limit belgilangani hisobiga joylar 18-sentyabr kunning oʻzidayoq toʻlib qolgan va ariza berish yopilgan edi.

 

4-oktyabr kuni toʻlov qilinmagan arizalar bekor qilinib, boʻsh qolgan oʻrinlar uchun ariza berish qayta ochildi.