O‘quvchilar orasida yangi trend: Xitoyda “uy vazifasi” shaklidagi yeguliklar ommalashdi

O‘quvchilar orasida yangi trend: Xitoyda “uy vazifasi” shaklidagi yeguliklar ommalashdi

Ayrim bolalar o‘qishdagi og‘ir bosimni kamaytirishning noodatiy usuli sifatida guruch qog‘ozidan tayyorlangan “uy vazifasi”ni iste’mol qilmoqda. Biroq bu yeguliklarning oziq-ovqat xavfsizligiga oid xavotirlar ham yuzaga kelgan.

 

Xitoyda bolalar o‘qishdagi og‘ir yuklamani hamda imtihon oldi stressni kamaytirish maqsadida guruch qog‘ozidan tayyorlangan “uy vazifasi”ni iste’mol qilish trendiga qo‘shilmoqda. Bu esa oziq-ovqat xavfsizligi borasida xavotirlarni yuzaga keltirmoqda.

 

South China Morning Post nashrining yozishicha, yaqinda boshlang‘ich va o‘rta maktab o‘quvchilari orasida “uy vazifasi” deb nomlangan yegulik ommalashdi.

 

Ushbu yeguliklar Xitoy darsliklari va mashq daftarlarining kichik nusxalariga o‘xshaydi, biroq ular iste’mol qilish uchun mo‘ljallangan. Xitoyning elektron savdo platformalarida bunday yeguliklarning narxi 0,50 yuandan (879 so‘mdan) ham kam.

 

Mahsulot qadoqlarida ko‘pincha “stressni kamaytiruvchi vosita” kabi reklama shiorlari qo‘llanmoqda. Ayrim onlayn sotuvchilar esa ushbu yeguliklar “o‘qishdagi baholarni yaxshilashga yordam berishi”ni da’vo qilmoqda.

 

Har bir qadoq ichida darsliklar, lug‘atlar, faxriy yorliqlar va ba’zan bank kartasi tasviri tushirilgan yupqa guruch qog‘ozi mavjud. Do‘konlardan birining izohiga ko‘ra, bank kartasi tasviri stipendiya kartasini ifodalaydi.

 

O‘quvchilar orasida yangi trend: Xitoyda “uy vazifasi” shaklidagi yeguliklar ommalashdi

 

“Doraemon”dagi sehrli nonni eslatadi

 

Ushbu yeguliklarning reklama qilinayotgan xususiyatlari mashhur yapon manga va anime qahramoni “Doraemon”dagi “Memory Bread” yoki “Copying Toast” nomi bilan tanilgan sehrli nonni eslatadi.

 

Asarda sehrli nonni darslikka bosish orqali undagi matn non yuzasiga ko‘chadi. Uni iste’mol qilgan odam esa undagi ma’lumotlarni darhol yodlab oladi.

 

Tarixan Xitoyda ham siyohni iste’mol qilish yozuv va xattotlik mahoratini oshiradi, degan qarash mavjud bo‘lgan.

 

Onlayn savdo platformalaridagi mahsulotlar haqidagi izohlarda ko‘plab ota-onalar farzandlari ushbu yeguliklarni ijtimoiy tarmoqlardagi videolarda ko‘rgach, ularni sotib olishni talab qilganini yozgan.

 

Bir foydalanuvchining ta’kidlashicha, guruch qog‘ozidan tayyorlangan “uy vazifasi”ni yeyish orqali uning farzandi “aqlli bo‘lib qoladi”.

 

Yana bir ota-ona esa yegulikning asosiy tarkibiy qismi kraxmal ekanini va u “boshqa yeguliklarga qaraganda foydaliroq” ekanini bildirgan.

 

Ayrim bolalar esa o‘zlarini qiynayotgan o‘qish bosimini “uy vazifasi”ni iste’mol qilish orqali yengillashtirayotganini aytgan.

 

O‘quvchilar orasida yangi trend: Xitoyda “uy vazifasi” shaklidagi yeguliklar ommalashdi

 

Yeguliklarning xavfsizligi bo‘yicha xavotirlar paydo bo‘ldi

 

Biroq Xitoy davlat ommaviy axborot vositasi ‘‘China National Radio’’ darslik tasvirlarini tushirishda ishlatiladigan oziq-ovqat bo‘yoqlari bo‘yicha xavotir bildirgan. Qayd etilishicha, ushbu bo‘yoqlar milliy oziq-ovqat xavfsizligi standartlariga mos kelmasligi mumkin.

 

Milliy standartlarga ko‘ra, kraxmalli mahsulotlarda oziq-ovqat bo‘yoqlaridan foydalanish taqiqlangan, biroq ulardan konfetlar ishlab chiqarishda foydalanishga ruxsat beriladi.

 

Biroq darslik shaklidagi ushbu yeguliklarni ishlab chiqaruvchilardan biri mahsulotni “konfet sifatida ishlab chiqarganini” bildirgan.

 

Fujian tibbiyot universitetiga qarashli Mindong shifoxonasi shifokori Xe Szyun SCMP nashriga bergan izohida guruch qog‘ozi va oziq-ovqat uchun mo‘ljallangan bo‘yoqlar xavfsiz ekanini aytgan. Biroq sanoat bo‘yoqlaridan foydalanilgan taqdirda, ular bolalarning jigar va buyrak faoliyatiga zarar yetkazishi mumkin.

 

U ota-onalarga farzandlarining arzon yeguliklarni iste’mol qilishini cheklashni tavsiya qilgan.

 

Xitoyda kuzgi o‘quv mavsumi boshlanishi bilan ayrim hududlardagi bozor nazorati organlari maktablar atrofidagi maishiy do‘konlar, yeguliklar sotiladigan shoxobchalar va kanselyariya mahsulotlari savdo nuqtalarida maxsus tekshiruvlar o‘tkazgan.

 

Nazorat organlari tadbirkorlarni bunday yeguliklarni sotmaslikka chaqirgan.