Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan ayrim talabalarga ijtimoiy stipendiya toʻlanadi

Dual ta’lim shaklida tahsil olayotgan ayrim talabalarga ijtimoiy stipendiya toʻlanadi

Oliy ta’limda dual ta’lim doirasida talabalarga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratiladi. Xususan, ayrim talabalar ijtimoiy stipendiya va davlat granti asosida o‘qishni davom ettirish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

 

Prezidentning “Oliy ta’limda dual ta’lim shaklida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” 2026-yil 29-sentyabrdagi PF–209-son Farmoni qabul qilindi.

 

Farmonga koʻra, dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan Ijtimoiy reyestrga kiritilgan talabalarga ijtimoiy stipendiya toʻlanadi.

 

Muhandislik ishi, ishlab chiqarish va ishlov berish, arxitektura va qurilish, qishloq xoʻjaligi taʼlim sohalari boʻyicha dual taʼlim shaklida tahsil olayotgan talabalarga oʻqishini 2-kursdan boshlab davlat granti kvotalari doirasida davom ettirish imkoniyati yaratiladi.

 

Talabaning dual taʼlim shaklida tahsil olgan davri uning umumiy mehnat stajini hisoblashda inobatga olinadi.

 

2027-yil 1-yanvardan dual taʼlim shaklida kadrlar tayyorlash istagini bildirgan korxonalar uchun talabalarga biriktiriladigan murabbiylarni tayyorlash maxsus kurslarini tashkil etiladi.

 

Bunda:

 

  • maxsus kurslarga jalb etiladigan 30 nafar professor-o‘qituvchi va mentorlarning malakasi xorijiy davlatlarda oshiriladi;
  • maxsus kurslarni yakunlagan bakalavr darajasiga ega murabbiylar OTTlarga pedagog sifatida soatbay asosida (ilmiy darajaga ega bo‘lmagan o‘qituvchiga tenglashtirilgan holda) jalb qilinadi;
  • bir nafar murabbiyga 15 nafardan ko‘p bo‘lmagan talaba biriktirilib, har bir talaba uchun bir o‘quv yiliga 30 soat ish hajmi hisoblanadi;
  • maxsus kursda murabbiylarni o‘qitish xarajatlari Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi.

 

2027/2028 oʻquv yili yakunidan boshlab dual taʼlim shakli boʻyicha OTM va buyurtmachi korxonalarning samaradorlik reytingi yuritiladi.

 

Eng yuqori natija koʻrsatgan 3 tadan OTM va korxonalar reytingdagi oʻrniga mos ravishda 1, 2, 3 milliard soʻmdan ragʻbatlantiriladi.

 

Avvalroq, dual ta’limda o‘qiyotgan talabaga o‘qish davomida oylik to‘lanishi haqida xabar berilgandi.