Qoraqalpog‘iston Respublikasidan 6 500 nafar abituriyentning hududlardagi davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishlariga to‘lov-kontrakt asosida qo‘shimcha qabul parametrlari bo‘yicha o‘qishga qabul natijalari e’lon qilindi.
Oliy ta’lim, fanva innovatsiyalar vazirligining ma’lum qilishicha, mazkur qo‘shimcha qabul parametrlari davlat oliy ta’lim tashkilotlarining bakalavriat ta’lim yo‘nalishiga abituriyent sifatida ro‘yxatdan o‘tgan, ro‘yxatdan o‘tish davrida doimiy yashash hududi Qoraqalpog‘iston bo‘lgan hamda shu yerdagi umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va kasbiy ta’lim tashkilotlarini tamomlagan, kirish imtihonlari natijalariga ko‘ra 56,7 ball va undan yuqori ball to‘plagan, biroq talabalikka tavsiya etilmagan abituriyentlar hisobidan shakllantirilgan.
Bunda abituriyentlarning to‘plagan ballari ketma-ketligiga qat’iy rioya qilindi. Tanlov natijalari bo‘yicha qaydnomalar tegishli oliy ta’lim tashkilotlariga belgilangan tartibda rasmiylashtirish uchun yuboriladi.
Abituriyentlar natijalarini my.uzbmb.uz orqali shaxsiy kabinetdan yoki mandat.uzbmb.uz orqali ID raqamini kiritgan holda bilishlari mumkin.
