Mehnat kodeksiga ko‘ra, ish haqi belgilangan muddatda to‘lanmagan taqdirda ish beruvchi xodimga kechiktirilgan har bir kun uchun pulli kompensatsiya to‘lashi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining 253-moddasiga muvofiq, xodimlarga ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasida belgilanadi. Bunda ish haqi har yarim oyda kamida bir marta to‘lanishi kerak.
Qoida tariqasida, oylik ish haqi 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga — bo‘nak va qolgan qismga bo‘lib to‘lanadi.
Bo‘nak — bu ish haqining xodimga oldindan, oyning birinchi yarmida beriladigan qismi.
Ish haqi bayram yoki dam olish kuniga to‘g‘ri kelsa
Agar ish haqi to‘lanadigan sana dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, to‘lov ushbu kunlar arafasida amalga oshirilishi kerak.
Shuningdek, xodimga tegishli ish haqining o‘z vaqtida va to‘liq to‘lanishi boshqa to‘lovlarni amalga oshirishga yoki ularning navbatiga bog‘lab qo‘yilishi mumkin emas.
Xodim ish beruvchidan ish haqi hisob-kitobi bo‘yicha ma’lumot talab qilish huquqiga ham ega. Ish beruvchi xodimning so‘roviga ko‘ra, ish haqi hisoblanganda qanday hisob-kitoblar amalga oshirilgani va qanday ushlab qolishlar qilinganini ma’lum qilishi shart.
Ish haqi kechiktirilsa, kompensatsiya to‘lanadi
Mehnat kodeksining 333-moddasida ish haqini kechiktirganlik uchun ish beruvchining moddiy javobgarligi belgilangan.
Unga ko‘ra, ish beruvchi ish haqi, ta’til puli, mehnat shartnomasi bekor qilingandagi to‘lovlar yoki xodimga tegishli boshqa to‘lovlarni belgilangan muddatda bermasa, kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga pulli kompensatsiya to‘lashi shart.
Kompensatsiya to‘lov muddati o‘tgan kundan keyingi kundan boshlab, xodim bilan amalda hisob-kitob qilingan kunni ham qo‘shgan holda hisoblanadi.
Amaldagi tartibga ko‘ra, xodimga to‘lanadigan pulli kompensatsiya miqdori Markaziy bank qayta moliyalash stavkasining 10 foizi miqdorida belgilanadi.
Bunda jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasida xodimga to‘lanadigan kompensatsiya miqdori bundan yuqoriroq qilib belgilanishi mumkin.
Muhim jihati shundaki, ish haqini kechiktirganlik uchun kompensatsiya to‘lash majburiyati ish beruvchining kechikishdagi aybi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.
Avvalroq, dam olish yoki bayram kunlari ishlagan xodimga kamida ikki hissa haq to‘lanishi haqida ma’lumot berilgandi.
