Dunyoda ta’lim jarayoni odatiy maktablardan tubdan farq qiladigan o‘quv muassasalari ham mavjud. Quyida dunyodagi eng noodatiy 8 ta maktab haqida ma’lumot beramiz.
Odatda maktab deganda o‘quvchilar partalarda o‘tirib, o‘qituvchi dars beradigan an’anaviy sinfxonalar ko‘z oldimizga keladi. Biroq dunyoning turli mamlakatlarida ta’lim olish uchun buning aksi bo‘lgan sharoitlar ham yaratilgan.
Ayrim maktablar tabiiy g‘orlarda, boshqalari esa suv ustida harakatlanuvchi qayiqlarda tashkil etilgan. Yana shunday ta’lim muassasalari borki, ularda darsliklardan foydalanilmaydi, an’anaviy baholash tizimi mavjud emas yoki maktab binosi yer ostida joylashgan.
Bunday maktablarning tashkil etilishiga turli omillar — geografik sharoit, tabiiy ofatlar, ijtimoiy muammolar yoki ta’limga yangicha yondashuv sabab bo‘lgan. Quyida ana shunday noodatiy muassasalarining ayrimlari haqida Talimxabarlari.uz so‘z yuritadi.
G‘ordagi maktab
“Dongzhong Mid-Cave” — boshlang‘ich maktabi Xitoyning tog‘li hududidagi Miao qishlog‘ida, g‘orning ichida joylashgan. “Dongzhong” so‘zining o‘zi ham “g‘or ichida” degan ma’noni anglatadi.
Maktab binosini qurish uchun mablag‘ bo‘lmagani sababli mahalliy aholi 1984-yilda g‘or ichida maktab tashkil etgan. Dastlab maktabda 8 nafar o‘qituvchi va 186 nafar o‘quvchi tahsil olgan.
O‘quvchilar bilim olish uchun har kuni maktabga borib-kelishga olti soatgacha vaqt sarflashgan. 23 yil faoliyat yuritgach, qishloq aholisi xavotir bildirgani sababli hukumat maktabni yopgan.
Suzuvchi maktab
Bangladesh tez-tez suv toshqinlari kuzatiladigan mamlakatlardan biridir. Bunday paytlarda o‘quvchilarning maktabga borishi ham deyarli imkonsiz bo‘lib qoladi.
Ushbu muammoni hal qilish maqsadida “Shidhulai Swanirvar Sangstha” nomli notijorat tashkilot suzuvchi maktablarni tashkil etgan.
Har bir qayiq-maktab kompyuterlar, internet va kichik kutubxona bilan jihozlangan. Elektr energiyasi quyosh panellari orqali ta’minlanadi.
Suv toshqinlari vaqtida ham bu maktablar o‘z faoliyatini davom ettiradi. Qayiqlar o‘quvchilarni daryo bo‘ylaridan olib, dars o‘tiladigan joyga olib boradi.
Kitoblarsiz maktab
AQShning Filadelfiya shahridagi “West Philadelphia School of the Future” maktabida o‘quvchilardan kitob olib kelish talab qilinmaydi. Buning o‘rniga ular kompyuterlardan foydalanadi.
Har bir sinfxonada an’anaviy doskalar o‘rniga elektron interaktiv doskalar mavjud. Raqamli texnologiyalar ta’lim jarayonining asosiy qismiga aylangan.
Maktab 2006-yilda ochilgan. Dastlab o‘quvchilar va o‘qituvchilar to‘liq raqamli ta’lim tizimiga moslashishda qiyinchiliklarga duch kelgan.
“Mening maktabim — mening qoidalarim!”
“Brooklyn Free School” — juda noodatiy ta’lim tizimiga ega. Bu yerda imtihonlar, uy vazifalari va an’anaviy baholash tizimi yo‘q.
O‘quvchilarning o‘zi maktab qoidalarini belgilaydi. Ular istagan darsini tanlashi, mustaqil tadqiqot olib borishi yoki maktabdagi turli faoliyatlarda qatnashishi mumkin.
Har hafta maktab qanday ishlashi va qanday boshqarilishi masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkaziladi.
Yer ostidagi maktab
“Abo Elementary School” — AQShdagi birinchi yer osti maktabi hisoblanadi.
Sovuq urush davrida yadroviy hujum xavfi sababli maktab nafaqat ta’lim muassasasi, balki bomba boshpanasi sifatida ham loyihalashtirilgan.
Maktab uchta og‘ir po‘lat eshik bilan jihozlangan. Inshoot radiatsiyaga chidamli qilib qurilgan bo‘lib, unda alohida shamollatish tizimi, quduq, generator va oziq-ovqat zaxiralari mavjud bo‘lgan.
Eng qiziq tomoni — o‘quvchilarning aksariyati aslida bunker ichida joylashgan maktabda o‘qiyotganini bilishmagan.
G‘ildiraklardagi maktab
Pokistonning Karachi shahrida faoliyat yurituvchi nodavlat tashkilot 1993-yilda avtobus sotib olib, undan mobil maktab sifatida foydalanishni boshlagan.
Tashkilotning asosiy maqsadi — shaharning kambag‘al hududlarida yashaydigan bolalarga ta’lim berish.
Avtobus partalar, o‘quv stollari va katta doska bilan jihozlangan. Bir vaqtning o‘zida 160 nafargacha o‘quvchi avtobusda tahsil olishi mumkin.
Temiryo‘l platformalaridagi maktablar
Hindistonda ayrim temiryo‘l platformalaridan ham ta’lim maqsadida foydalaniladi.
Nodavlat tashkilotlar temiryo‘l stansiyalari yaqinidagi kambag‘al hududlarda yashaydigan bolalarga ta’lim beradi. Ushbu maktablar oddiy maktabga bora olmaydigan bolalar uchun imkoniyat yaratgan.
Ta’lim jarayoni qo‘shiqlar, sahna ko‘rinishlari, musiqa va qo‘g‘irchoq tomoshalari orqali qiziqarli tashkil etiladi.
Jodugarlik maktabi
“Witch School” — sehr-jodu va jodugarlik bilan qiziqadigan insonlarga ta’lim beradi. Maktab butun dunyodagi qiziquvchilar uchun onlayn kurslarni taklif qiladi. Shuningdek, o‘quvchilar darslarga bevosita kelib qatnashishi mumkin bo‘lgan kampusi ham mavjud.
Maktab kampusi avval Chikagoda joylashgan edi. Keyinchalik mahalliy jamoalarning noroziliklari sababli Massachusets shtatidagi Salem shahriga ko‘chirilgan.
Salem shahri 1692–1693-yillarda jodugarlikda ayblangan qariyb 200 kishi sud qilingan va qatl etilgan joy sifatida tarixda qolgan.
Avvalroq, dunyodagi eng qimmat va nufuzli universitetlarda talabalar nimalarni o‘rganishi haqida maqola tayyorlagan edik.








