Doktorantlar uchun nomli stipendiyalar tanlovi eʼlon qilindi: gʻoliblarga 7 mln soʻmga yaqin stipendiya toʻlanadi

Doktorantlar uchun nomli stipendiyalar tanlovi eʼlon qilindi: gʻoliblarga 7 mln soʻmga yaqin stipendiya toʻlanadi

Tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun nomli stipendiyalarga talabgorlar tanloviga hujjatlarni qabul qilish boshlandi.

 

Fanlar akademiyasi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, akademiya tizimidagi tashkilotlarda tahsil olayotgan tayanch doktorantura izlanuvchilari uchun nomli stipendiyalar tanloviga arizalar qabul qilinish boshlandi.

 

Bular:

– fizika-matematika va texnika fanlari yo‘nalishi bo‘yicha – akademik Sa’di Sirojiddinov nomidagi stipendiya;

 

– kimyo-biologiya va tibbiyot fanlari yo‘nalishi bo‘yicha – akademik Obid Sodiqov nomidagi stipendiya;

 

– ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishi bo‘yicha – akademik Yahyo G‘ulomov nomidagi stipendiya.

 

Fanlar akademiyasi tizimidagi tashkilotlardagi tayanch doktoranturada izlanuvchilaridan arizalar 2026-yil 21-sentyabrdan 21-oktyabrga qadar talabgor tahsil olayotgan tashkilotning rasmiy xati asosida qabul qilinadi.

 

Xabarga ko‘ra, tanlovda tayanch doktoranturaning birinchi va ikkinchi bosqichlarida tahsil olayotgan hamda tegishli bosqichni 2026 – yilda yakunlaydigan izlanuvchilar ishtirok etishi mumkin.

 

Ma’lumot uchun, tayanch doktoranturadan chetlashtirilgan yoki ta’lim olish jarayoni qonunchilikka muvofiq vaqtincha to‘xtatilgan shaxslar tanlovda ishtirok etmaydi.

 

Talabgorning arizasiga quyidagi hujjatlar ilova qilinadi:

 

–  tayanch doktoranturaga qabul qilinganligi, ixtisosligi, dissertatsiya mavzusi va ilmiy rahbari to‘g‘risidagi ma’lumotlar;

 

–  dissertatsiya mavzusi, tadqiqotning dolzarbligi, ilmiy yangiligi, ilmiy ahamiyati, asosiy natijalari va bajarilish holati to‘g‘risida qisqacha ma’lumot;

 

–  dissertatsiya mavzusi bo‘yicha e’lon qilingan ilmiy ishlar va boshqa ilmiy natijalar ro‘yxati hamda ularning nusxalari;

 

–  intellektual mulk obyektlari, ilmiy ishlanmalar, joriy etish natijalari, ilmiy loyihalar va grantlar, mukofotlar hamda boshqa ilmiy yutuqlar ro‘yxati va ularni tasdiqlovchi hujjatlar;

 

–  talabgorning ilmiy faoliyati, shaxsiy hissasi va dissertatsiya ishining bajarilish holati to‘g‘risida ilmiy rahbar xulosasi.

 

Arizalarni qabul qilish muddati tugaganidan keyin erishilgan yangi ilmiy natijalar arizalarni ko‘rib chiqish va baholash jarayonida hisobga olinmaydi.

 

Ilmiy kengash qaroridan ko‘chirma ilmiy kengash qarori bilan tasdiqlangan yakka tartibdagi rejaning bajarilishi to‘g‘risidagi ma’lumot bilan birga rasmiylashtiriladi.

 

Eslatma uchun, har bir fan yo‘nalishi bo‘yicha nomli stipendiya tayanch doktoranturaning ikkinchi yoki uchinchi bosqichida tahsil olayotgan besh nafar izlanuvchiga tayinlanadi.

 

Nomli stipendiya har bir stipendiatga 12 oy muddatga, har oy mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari miqdorida to‘lanadi.