Dunyoda ilmiy izlanish bilan shug‘ullanuvchi tadqiqotchilar soni ortib bormoqda. 2023-yilda har 1 million aholiga o‘rtacha 1 486 nafar tadqiqotchi to‘g‘ri kelgan, biroq mamlakat va hududlar o‘rtasida bu ko‘rsatkich keskin farq qiladi.
YUNESKO Statistika instituti ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlari bo‘yicha 2026-yilgi ma’lumotlarini e’lon qildi. Unda dunyoda qancha tadqiqotchi borligi, ilmiy izlanishlarga qancha mablag‘ yo‘naltirilayotgani va tadqiqotchilar orasida ayollar ulushi kabi ko‘rsatkichlar keltirilgan.
YUNESKO hisob-kitoblariga ko‘ra, 2023-yilda dunyo bo‘yicha har 1 million aholiga 1 486 nafar tadqiqotchi to‘g‘ri kelgan. 2015-yilda esa bu ko‘rsatkich 1 141 nafar edi.
Biroq dunyoning barcha hududlarida tadqiqotchilar soni bir xil emas. Masalan, Yevropa va Shimoliy Amerikada har 1 million aholiga 4 358 nafar tadqiqotchi to‘g‘ri keladi. Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada esa bu ko‘rsatkich 88 nafarni tashkil etgan.
Shunday qilib, ushbu ikki hudud o‘rtasidagi tafovut qariyb 50 baravarni tashkil qiladi.

Ilmiy izlanishlarga qancha mablag‘ sarflanadi?
Tadqiqotchilar soni bilan bir qatorda, ilmiy izlanishlarga yo‘naltiriladigan mablag‘lar ham oshgan.
2023-yilda dunyo bo‘yicha ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga sarflangan mablag‘larning YaIMdagi ulushi 1,92 foizni tashkil etgan. 2015-yilda bu ko‘rsatkich 1,71 foiz edi.
Hududlar o‘rtasidagi farq bu ko‘rsatkichda ham seziladi:
- Yevropa va Shimoliy Amerikada — 2,55 foiz;
- Sharqiy va Janubi-Sharqiy Osiyoda — 2,42 foiz;
- Sahroi Kabirdan janubdagi Afrikada — 0,38 foiz.
YUNESKO ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo mamlakatlarining 73 foizi ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga YaIMning 1 foizidan kam mablag‘ sarflaydi.

Tadqiqotchilar tarkibidagi ayollar ulushi ham oshgan. 2023-yilda ayollar dunyo bo‘yicha tadqiqotchilarning 31,4 foizini tashkil etgan. 2013-yilda bu ko‘rsatkich 29,5 foiz edi.
Ayrim hududlarda ayollarning tadqiqotchilar orasidagi ulushi 45 foizga yaqinlashgan. Bular Markaziy Osiyo, Shimoliy Afrika hamda Lotin Amerikasi va Karib havzasi hududlaridir.

YUNESKOning qayd etishicha, 2026-yilgi R&D ma’lumotlari dunyoda ilmiy-tadqiqot salohiyati va unga yo‘naltirilayotgan mablag‘lar o‘sayotganini ko‘rsatadi. Shu bilan birga, hududlar o‘rtasidagi ilmiy salohiyat tafovutlari va tadqiqotchilar tarkibidagi gender nomutanosibligi saqlanib qolmoqda.
O‘zbekistonda ham ilmiy-tadqiqot faoliyati bo‘yicha ko‘rsatkichlar oshgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilda O‘zbekistonda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlarini bajargan mutaxassis-tadqiqotchilar soni 43,1 ming nafarni tashkil etgan.
Bu 2024-yilga nisbatan 9,5 ming nafarga yoki 28,3 foizga ko‘p. Shundan ayollar soni 17,4 ming nafar (jamiga nisbatan 40,4 foiz), erkaklar soni 25,7 ming nafar (jamiga nisbatan 59,6 foiz)ni tashkil etgan.
2025-yilda ilmiy-tadqiqot va tajriba-konstruktorlik ishlariga jami 1 680,6 mlrd so‘m mablag‘ sarflangan. Bu 2024-yilga nisbatan 106,5 mlrd so‘mga yoki 6,8 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qozog‘istonlik o‘quvchi AQSh laboratoriyasida ekinlarni saqlab qolish bo‘yicha ilmiy tadqiqot olib borganligi haqida xabar berilgan edi.
