O‘quvchi va talabalar, budjet tashkilotlari xodimlari hamda pensionerlarning kiberhujumlardan himoyalanish bo‘yicha bilimlarini oshirish dasturi ishlab chiqiladi. Bu haqda Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda ma’lum qilindi.
Xabaringiz bor, bugun 24-sentyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Andijon viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash va aholi daromadlarini oshirish masalalari bo‘yicha yig‘ilish o‘tkazildi.
Unda jamoat xavfsizligini ta’minlash va kiberjinoyatlarning oldini olishda raqamli texnologiyalardan keng foydalanish zarurligi qayd etildi.
Shu maqsadda kiberhujumlardan himoyalanish dasturi ishlab chiqiladi. Dastur doirasida budjet tashkilotlari xodimlari, o‘quvchi va talabalar hamda pensionerlarning bu boradagi bilimlari oshiriladi.
Shuningdek, Andijon shahri, Shahrixon va Andijon tumanlari ichki ishlar rahbarlariga raqamlashtirish hamda kiberjinoyatlarga qarshi kurashish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimlari joriy etiladi.
Ular ko‘chalardagi kameralar ma’lumotlarini sun’iy intellekt orqali tahlil qilib, bezorilik, o‘g‘rilik va yo‘l-transport hodisalarining oldini olish bo‘yicha yechimlar ishlab chiqadi.
Yil yakunigacha ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish topshirildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Andijon texnika institutida dizayn yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlash uchun alohida fakultet ochilishi haqida xabar berilgan edi. Unda talabalar dual ta’lim asosida sanoat korxonalarida ham amaliyot o‘taydi.
