Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi ikki nafar o‘quvchiga qo‘l ko‘targani aytilmoqda. Ulardan biri sinfda kaltaklanib, tan jarohati olgan. Holat yuzasidan o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ish olib borilmoqda.
Toshkentning Yunusobod tumanidagi maktablardan birida o‘qituvchi o‘quvchini kaltaklagan. Voqea 15-sentyabr kuni soat 08:40 atrofida sodir bo‘lgan. Bu haqda “Millar” dasturida ma’lum qilindi.
Unga ko‘ra, o‘sha kuni o‘qituvchi ikki nafar o‘quvchiga qo‘l ko‘targan. Ulardan biri sinfxonada sudrab olib ketilib, bir necha bor urilgan. O‘quvchi kaltaklanishiga u o‘qituvchini so‘kgani sabab bo‘lgan. Voqea kuzatuv kamerasiga ham tushgan.
O‘quvchilardan birining onasi voqea haqida farzandi telefon orqali xabar berganini aytgan.
“O‘g‘lim telefon qildi. Oyijon, yordam bering, o‘rtog‘imni urib o‘ldirib qo‘yishyapti dedi. Kelsam, hamma medpunktda ekan. Bolamning bo‘yni qizarib ketgan, yig‘lab o‘tirgan ekan”, — dedi u.
O‘quvchilardan birining otasi esa kuzatuv kamerasidagi yozuvni ko‘rganini va unda farzandining o‘qituvchi tomonidan sudralib, urilganini ko‘rganini bildirgan.
“Videoda o‘g‘limni urayotganini ko‘rdim. Bo‘ynidan tortib sudrab olib kelgan. O‘g‘lim qarshilik qilib, qo‘yib yuboring, ustoz degan”, — dedi ota.
Uning so‘zlariga ko‘ra, videoni ko‘rgach, holat yuzasidan 102 raqamiga murojaat qilgan.
Mazkur voqea vaqtida sinfda yana bir o‘qituvchi ham bo‘lgan. Biroq u boshqa bir oʻqituvchi boshqa bir sinf oʻquvchisini urayotganini, koʻrgan boʻlsa-da, indamay sinfni tark etgan. Maktab rahbariyati uning holatga aralashmay, sinfni tark etganini noto‘g‘ri deb baholagan.
Yunusobod tumani maktabgacha va maktab ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Gulandom Jumaniyozovaning ma’lum qilishicha, holat o‘rganilib, o‘qituvchidan tushuntirish xati olingan va unga hayfsan berilgan.
Ichki ishlar xodimlari ham holat yuzasidan ish olib bormoqda. Hozirda o‘qituvchi bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda. Holatga mas’uliyatsizlik bilan yondashgani aytilgan boshqa o‘qituvchiga esa intizomiy ogohlantirish berilgan.
