Qoraqalpog‘istonda xususiy maktabgacha ta’lim tashkiloti ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, shundan 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit ajratiladi. Hududda maktabgacha ta’lim qamrovi hozirda 84 foizni tashkil etmoqda.
Xabaringiz bor, ayni damda Nukus shahrida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tmoqda.
Yig‘ilishda hududdagi maktabgacha ta’lim qamrovini oshirish masalasiga ham e’tibor qaratildi.
Qoraqalpog‘istonda maktabgacha ta’lim qamrovi 84 foizga yetgani qayd etildi. Biroq Amudaryo, Bo‘zatov, Taxiatosh, To‘rtko‘l, Chimboy, Xo‘jayli va Ellikqal’a tumanlarida bu ko‘rsatkich hali pastligi ta’kidlandi.
Shu sababli hududda xususiy bog‘chalar faoliyatini kengaytirishga qo‘shimcha imkoniyat yaratiladi.
Xususan, Qoraqalpog‘istonda xususiy bog‘cha ochadigan tadbirkorlarga 15 yil muddatga, 5 yillik imtiyozli davr bilan 7 foizli kredit beriladi.
Qolgan viloyatlarda esa xususiy bog‘cha ochish uchun ajratiladigan kreditlarning foiz stavkasi hududning markazdan uzoq yoki yaqinligiga qarab 7 foizdan 15 foizgacha bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qoraqalpog‘istonda 6 ming yoshni IT va logistika sohasida yuqori daromadli ish bilan ta’minlash vazifasi qo‘yilganligi haqida xabar berilgan edi.
