Nufuzli OTM talabalari SAT sertifikatini noqonuniy olib berish bilan shug‘ullangani aniqlandi

Nufuzli OTM talabalari SAT sertifikatini noqonuniy olib berish bilan shug‘ullangani aniqlandi

Toshkent viloyatida fuqarolarga oliy ta’limga kirishda foydalaniladigan xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy tarzda olib berish bilan shug‘ullangan guruh faoliyatiga chek qo‘yildi. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.

 

DXX Toshkent viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda viloyat IIBB xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda xalqaro SAT sertifikatini noqonuniy tarzda olib berish bilan shug‘ullangan guruh faoliyati aniqlangan.

 

Ma’lum qilinishicha, guruh a’zolarining aksariyati Yevropadagi nufuzli universitetning Toshkent shahridagi filiali talabalari bo‘lgan. Yana bir ishtirokchi Osiyodagi yetakchi davlatlardan biridagi oliy ta’lim muassasasining poytaxtimizdagi filialida tahsil olgan.

 

Ular Yangihayot tumanidagi xususiy maktab binosida “bunker” tashkil qilgan. IT sohasiga ixtisoslashgan MCHJ mutaxassisi esa yashirin ravishda tizimga kirib, test savollarini ishlash imkoniyatini yaratgan.

 

Shundan so‘ng talabalar masofadan turib, SAT imtihonida qatnashayotgan talabgorlar o‘rniga test savollarini yechish bilan shug‘ullangan.

 

Shuningdek, guruh a’zolaridan biri SAT sertifikatini olmoqchi bo‘lgan 5 nafar fuqarodan har biriga 1,5 ming AQSH dollaridan talab qilgan. Ulardan birining pul mablag‘i kriptohamyon orqali olingani ham aniqlangan.

 

Hozirda holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.