Qonunchilik palatasida ta’lim sifati muhokama qilindi

Qonunchilik palatasida ta’lim sifati muhokama qilindi

O‘zbekistonda 2026-yilning birinchi yarim yilligida ta’lim sohasiga 49,5 trln so‘m mablag‘ yo‘naltirilgan. Qonunchilik palatasidagi muhokamada ajratilayotgan mablag‘larning ta’lim sifati va pedagoglar salohiyatiga ta’siri masalasi ko‘tarildi.

 

15-sentabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2026-yil birinchi yarim yilligida davlat budjeti ijrosi to‘g‘risidagi hisobot muhokama qilindi. Unda ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lardan tashqari, maktab va bog‘chalarda yaratilayotgan sharoitlar hamda pedagoglar sifati masalalariga e’tibor qaratildi.

 

Ta’limga 49,5 trln so‘m yo‘naltirilgan

 

Muhokamada qayd etilishicha, yilning dastlabki olti oyida ta’lim sohasiga 49,5 trln so‘m mablag‘ ajratilgan.

 

Deputat Dilnoza Azizova mablag‘larning ko‘payishi va yangi maktab hamda bog‘chalar qurilayotgani ijobiy holat ekanini ta’kidlab, ta’limda faqat moddiy sharoitlarni yaxshilash bilan cheklanib qolmaslik kerakligini bildirdi.

 

Uning ta’kidlashicha, ta’lim sifati uchun maktab binolari bilan bir qatorda pedagoglarning bilimi, kasbiy mahorati, mas’uliyati va bolalar bilan ishlash qobiliyati ham muhim.

 

Deputat vazirlikdan ajratilgan mablag‘lar ta’lim sifati nuqtai nazaridan qanday natija berayotganini baholash mezonlari haqida so‘radi.

 

Ta’lim sifatini baholash uchun 36 ta indikator belgilangan

 

Maktabgacha va maktab ta’limi vaziri o‘rinbosari Temurjon Komilovning ma’lum qilishicha, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini baholash uchun 6 ta budjet dasturi va 36 ta maqsadli indikator belgilangan.

 

Ushbu ko‘rsatkichlar faqat maktablarning moddiy-texnik holatini emas, balki:

 

  • ta’lim sifati;
  • pedagoglarning malakasi;
  • bitiruvchilarning oliy ta’limga kirish ko‘rsatkichlari;
  • o‘qituvchilarning sifat tarkibidagi o‘zgarishlarni ham qamrab oladi.

 

Vazirlik vakili bu ko‘rsatkichlar natijalari parlamentning tegishli qo‘mitalari bilan muntazam muhokama qilinishini bildirdi.

 

Bitiruvchilarning o‘rtacha bali 91,6 ga yetgan

 

Muhokamada maktab bitiruvchilarining natijalari ham keltirildi.

 

Temurjon Komilovning aytishicha, 2026-yilda qariyb 450 ming nafar bitiruvchining o‘rtacha bali 91,6 ni tashkil qilgan. Bu ko‘rsatkich o‘tgan yilga nisbatan 11,6 ballga yuqori.

 

Shuningdek, milliy yoki xalqaro sertifikatlarga ega maktab o‘quvchilari soni 56 ming nafardan oshgani ma’lum qilindi.

 

Yuqori toifali o‘qituvchilar ulushi oshgan

 

Vazirlik vakili pedagoglarning malaka tarkibidagi o‘zgarishlar haqida ham ma’lumot berdi.

 

Unga ko‘ra, 6–7 yil avval oliy toifali o‘qituvchilar ulushi qariyb 5–6 foiz bo‘lgan bo‘lsa, 2026-yil 1-sentabr holatiga bu ko‘rsatkich 14 foizga yetgan.

 

Birinchi toifali pedagoglar ulushi esa 22 foizga yaqinlashgan.

 

Shuningdek, 1-sentabr holatiga O‘zbekiston maktab o‘quvchilari nufuzli xalqaro olimpiadalarda qariyb 230 ta medalni qo‘lga kiritgani ma’lum qilindi.

 

O‘qituvchilarni tanlashning yangi tizimi sinovdan o‘tkazilmoqda

 

Muhokamada pedagoglarni ishga qabul qilish masalasiga ham e’tibor qaratildi.

 

2026-yildan tajriba-sinov tariqasida o‘qituvchilarni tanlab olishning yangi tizimi joriy etilgan. Hozircha u har bir hududning bittadan tumanida hamda Buxoro viloyatining barcha 13 ta tumanida amalga oshirilmoqda.

 

Yangi tizimda pedagoglarni ochiq platforma orqali test va suhbat asosida tanlab olish yo‘lga qo‘yilgan.

 

Tajriba-sinov yakunlari bo‘yicha vazirlik parlamentga axborot taqdim etishi, shundan so‘ng tizimni boshqa hududlarga bosqichma-bosqich joriy etish rejalashtirilgan.

 

Avvalroq, ota-onalar farzandining maktabdagi baholarini onlayn kuzatishi mumkinligi haqidagi xabarni e’lon qilgan edik.