Sun’iy intellekt sabab ommaviy ishsizlik yuzaga kelishi haqidagi xavotirlar hozircha o‘zini oqlamayapti. The Economist tahliliga ko‘ra, AQShda AI rivoji bilan bog‘liq jarayonlar hozircha yo‘qotilgan ish o‘rinlaridan ko‘ra ko‘proq yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda.
The Economist nashrining tahliliga ko‘ra, sun’iy intellektning mehnat bozoriga dastlabki ta’siri keng ko‘lamli ishsizlikdan ko‘ra yangi ish o‘rinlarining paydo bo‘lishi bilan namoyon bo‘lmoqda. Nashr AQShdagi ish bilan bandlik ko‘rsatkichlari hamda sun’iy intellekt bilan bog‘liq sohalardagi bandlik o‘zgarishlarini tahlil qilgan.
AQSh Mehnat statistikasi byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, 4-sentyabr kuni e’lon qilingan hisobotda mamlakat iqtisodiyoti avgust oyida 162 mingta ish o‘rni yaratgani qayd etilgan. Ishsizlik darajasi esa 4,1 foizni tashkil qilgan. 20–24 yoshdagi yoshlar orasidagi ishsizlik bilan umumiy ishsizlik darajasi o‘rtasidagi tafovut ham so‘nggi o‘n yilliklardagi eng past ko‘rsatkichlardan biriga yaqinlashgan.
Nashrning hisob-kitoblariga ko‘ra, sun’iy intellekt rivoji AQShda hozirgacha qariyb 1 millionta yangi ish o‘rni yaratilishiga sabab bo‘lgan. Bu ko‘rsatkich 2023-yil o‘rtalaridan buyon AI bilan bog‘liq deb hisoblangan qariyb 200 mingta ish o‘rnining qisqarishidan ancha yuqori hisoblanadi.
Biroq yangi ish o‘rinlarining barchasi bevosita sun’iy intellekt yaratgan lavozimlar emas. The Economist tahlilida AI rivoji bilan bog‘liq iqtisodiy faollik natijasida ish o‘rinlari ko‘paygan bir nechta yo‘nalish ajratib ko‘rsatiladi.
AI tizimlarini yaratish, rivojlantirish va ulardan foydalanish uchun dasturchilar, ma’lumotlar tahlilchilari, muhandislar, matematiklar hamda axborot xavfsizligi mutaxassislariga ehtiyoj oshmoqda.
The Economist ma’lumotlariga ko‘ra, muhandislik, dasturiy ta’minot ishlab chiqish, matematika va ma’lumotlar tahlili bilan bog‘liq kasblarda 2022-yildan keyingi davrda kutilganidan yuqori bandlik o‘sishi kuzatilgan. Bu yo‘nalishlarning o‘zida qariyb 730 mingta qo‘shimcha ish o‘rni paydo bo‘lgani qayd etilgan.
Shu sababli AI faqat ayrim kasblardagi ishlarni avtomatlashtiribgina qolmay, ushbu texnologiyani ishlab chiqish, joriy etish, boshqarish va himoyalashga qodir mutaxassislarga bo‘lgan talabni ham oshirmoqda.
Sun’iy intellektning rivojlanishi faqat dasturchilar va boshqa IT mutaxassislariga talabni oshirayotgani yo‘q. AI tizimlari ishlashi uchun katta hajmdagi ma’lumotlarni qayta ishlaydigan data-markazlar, elektr ta’minoti, sovitish tizimlari va tarmoq infratuzilmasi zarur.
Shu sababli elektr montajchilari, santexniklar, HVAC tizimlari mutaxassislari, qurilish ishchilari, kommunal infratuzilma quruvchilari va elektr uskunalari ishlab chiqaruvchilariga bo‘lgan talab ham ortmoqda.
The Economist tahlilida AI infratuzilmasi bilan bog‘liq sohalarda 2026-yilga kelib 300 mingga yaqin qo‘shimcha ish o‘rni shakllangani ko‘rsatiladi. Besh turdagi data-markazlarga yaqin qurilish va ishlab chiqarish sohalarida esa kutilgan tendensiyadan qariyb 320 mingta ko‘proq ish o‘rni yaratilgani qayd etilgan.
Demak, AI rivoji natijasida yaratilayotgan ishlarning bir qismi kompyuter qarshisidagi lavozimlar emas, balki ushbu texnologiya ishlashi uchun zarur bo‘lgan jismoniy infratuzilmani qurish va unga xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq. Bu holat sun’iy intellekt mehnat bozoriga hech qanday salbiy ta’sir ko‘rsatmayapti degani emas.
Ayrim kompaniyalar AI texnologiyalarini joriy etish orqali takroriy va ma’muriy vazifalarni avtomatlashtirmoqda. Shu sababli professional va biznes xizmatlari sohasida ishga qabul qilish 2015–2019-yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan taxminan 10 foiz past ekani qayd etilgan. Microsoft va Meta kabi texnologik kompaniyalar ham AI asosidagi yangi biznes modeliga moslashish jarayonida xodimlar sonini qisqartirmoqda.
Ya’ni mehnat bozoridagi o‘zgarishlar barcha kasblarga bir xil ta’sir qilmayapti. Bir tomondan, ayrim takroriy vazifalarni bajaradigan xodimlarga ehtiyoj kamaymoqda. Ikkinchi tomondan esa AI tizimlarini yaratish va ular uchun infratuzilma qurish bilan bog‘liq yangi ishlar paydo bo‘lmoqda.
The Economist tahlilining asosiy xulosalaridan biri shuki, hozircha sun’iy intellektning mehnat bozoridagi ta’siri “ishlarning butunlay yo‘qolishi”dan ko‘ra, qaysi ko‘nikmalarga talab yuqori bo‘lishining o‘zgarishi sifatida ko‘rsatilmoqda.
