Endi ilmiy tashkilotlarni reyestrga kiritish va laboratoriyalarni jihozlash uchun onlayn ariza berish mumkin

Endi ilmiy tashkilotlarni reyestrga kiritish va laboratoriyalarni jihozlash uchun onlayn ariza berish mumkin

Endi ilmiy tashkilotni rasmiy reyestrga kiritish hamda ilmiy laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar, sarflov materiallari va butlovchi qismlar bilan jihozlash uchun arizalarni my.gov.uz orqali onlayn topshirish mumkin. Xizmatlardan foydalanish bepul.

 

Ilm-fan va innovatsiya sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlar uchun my.gov.uz portalida ikkita yangi xizmat ishga tushirildi. Ular orqali ilmiy tashkilotni tegishli reyestrga kiritish hamda laboratoriyalarni zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlash uchun onlayn ariza yuborish mumkin.

 

Birinchi xizmat — ilmiy tashkilotni reyestrga kiritish.

 

Mazkur xizmat orqali ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarni rasmiy reyestrga kiritish uchun ariza topshiriladi.

 

Ikkinchi xizmat — laboratoriyalarni zamonaviy jihozlash.

 

Ushbu xizmat orqali ilmiy-tadqiqot faoliyati uchun zarur bo‘lgan asbob-uskunalar, sarflov materiallari hamda butlovchi qismlarni olish uchun elektron so‘rovnoma yuborish mumkin.

 

Bunda dastlab tashkilot ilmiy va innovatsion faoliyat yurituvchi yuridik shaxslarning tegishli reyestriga kiritilgan bo‘lishi kerak. Shundan so‘ng laboratoriyalarni jihozlash bo‘yicha my.gov.uz orqali elektron so‘rovnoma yuboriladi.

 

Ariza ma’qullanganidan keyin xaridlar Ilm-fanni moliyalashtirish va innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan amalga oshiriladi. Tayyor buyurtma esa tashkilotga yetkazib beriladi.

 

Eslatib o‘tamiz, mazkur xizmatlardan foydalanish bepul hisoblanadi.

 

Avvalroq, o‘quvchini xorijga ketishi munosabati bilan maktab safidan chiqarish endi onlayn amalga oshirilishi haqida xabar bergan edik.