Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat o‘quvchisi yotoqxonaning 4-qavatidan tushib ketib, vafot etgani aytilmoqda. Hozircha holat yuzasidan maktab-internat ma’muriyati yoki mas’ul idoralar tomonidan rasmiy munosabat berilmagan.
Al-Beruniy nomidagi xalqaro maktab-internat o‘quvchisi Shohidbek Jamoliddinov bundan 10 kun avval maktab-internat yotoqxonasining to‘rtinchi qavatidan tushib ketgan.
Og‘ir jarohat olgan o‘quvchi shifoxonaga yotqizilgan va 10 kun davomida davolangan. Biroq 15-sentyabr kuni uning vafot etgani aytilmoqda.
Shohidbek Jamoliddinov iqtidorli o‘quvchilardan biri bo‘lgan. U matematika va ilmiy yo‘nalishdagi respublika hamda xalqaro tanlovlarda sovrinli o‘rinlarni egallab kelgan.
Jumladan, 2026-yilda Olmaota shahrida o‘tkazilgan yosh tadqiqotchilar xalqaro turnirida uning jamoasi birinchi o‘rinni egallab, oltin medalni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u Sa’di Sirojiddinov nomidagi Respublika matematika turnirida ham sovrinli o‘rinlardan birini egallagan.
Hozircha maktab-internat ma’muriyati yoki mas’ul davlat idoralari hodisa tafsilotlari va uning sabablarini rasman tasdiqlamagan.
