PISA 2025 tadqiqotida O‘zbekistondan 233 ta maktabning 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchisi ishtirok etdi. O‘zbekiston o‘quvchilari tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egallagan.
PISA 2025 tadqiqotida mamlakatimizdan xalqaro tashkilot tomonidan tasodifiy tanlab olingan 233 ta maktab qatnashdi. Tadqiqotda jami 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchi ishtirok etgan bo‘lib, ushbu tanlanma O‘zbekistondagi qariyb 558 ming nafar 15 yoshli o‘quvchini ifodalaydi.
Tabiiy fanlar bo‘yicha natija oshgan
O‘zbekiston o‘quvchilari PISA 2025da tabiiy fanlar bo‘yicha 438 ball to‘plab, 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.
Taqqoslash uchun, PISA 2022 tadqiqotida O‘zbekistonning tabiiy fanlar bo‘yicha natijasi 355 ball va 80-o‘rinni tashkil etgan. Shu tariqa, 2025-yilda mamlakatimiz natijasi qariyb 83 ballga oshgan.
Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkilotining (OECD) O‘zbekiston bo‘yicha PISA 2025 rasmiy ma’lumotnomasiga ko‘ra, mamlakatimizdagi 15 yoshli o‘quvchilarning 65 foizi tabiiy fanlar bo‘yicha kamida 2-darajaga erishgan.
OECD mamlakatlarida esa bu ko‘rsatkich o‘rtacha 74 foizni tashkil etgan.
PISA mezonlariga ko‘ra, 2-darajaga erishgan o‘quvchi tanish ilmiy hodisalarga berilgan izohlar orasidan to‘g‘risini aniqlay oladi. Shuningdek, sodda holatlarda taqdim etilgan ma’lumotlarga asoslanib, xulosaning to‘g‘ri yoki noto‘g‘riligini baholay oladi.
Yuqori darajadagi o‘quvchilar ulushi – 1 foiz
O‘zbekistonda tabiiy fanlar bo‘yicha eng yuqori — 5 yoki 6-darajaga erishgan o‘quvchilar ulushi 1 foizni tashkil etgan. OECD mamlakatlarida bu ko‘rsatkich o‘rtacha 7 foiz bo‘lgan.
Ushbu darajadagi o‘quvchilar o‘z bilimlarini yangi va notanish vaziyatlarda mustaqil hamda ijodiy qo‘llay oladi.
Taqqoslash uchun, Xitoyning PISAda qatnashgan hududlari, Makao, Singapur, Estoniya, Yaponiya, Xitoy Taypeyi va Koreyada o‘quvchilarning 85 foizdan ortig‘i tabiiy fanlar bo‘yicha kamida 2-darajaga erishgan.
Avvalroq, tadqiqot doirasida O‘zbekistonda o‘quvchilarning darsda raqamli qurilmalarga chalg‘ish ko‘rsatkichi OECD o‘rtachasidan ikki baravar pastligi ma’lum qilingandi.
